Samarqand viloyati transport boshqarmasi 100 dona Xitoyning “Yutong” elektrobuslarini xarid qilishga kelishib oldi. Bu haqda “Lex.uz” portalidagi prezident qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida elektrobuslar xarid qilish va zarur infratuzilmani yaratish loyihasi amalga oshiriladi.
Uch yillik loyihaning umumiy qiymati $61,99 mlnni tashkil etadi. YeTTB 18 yil muddatga, jumladan, uch yillik imtiyozli davrga $49 mln miqdorida kredit ajratadi.
Qolgan mablag‘ O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash va bojxona imtiyozlarini berish orqali moliyalashtiriladi.
Shuningdek, “Samarqandyo‘lovchitrans” Xitoyning “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi bilan $29,7 mlnga 100 ta elektr avtobus va 50 ta quvvatlantirish stansiyasi sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Yangi elektr avtobuslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlangan oddiy shahar avtobus yo‘nalishlariga yalpi shartnoma asosida yetti yil muddatga ajratiladi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda elektrobuslar xarid qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish topshirildi. Ulardan Nukus va viloyat markazlarida jamoat transportida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyasi Namanganga 100ta avtobus yetkazib berishi haqida yozgandi.
“Yutong” kompaniyasi bilan ZK6890HG modelidagi avtobuslarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shuningdek, Andijonda elektrobus va skuterlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.