Joriy yilning 1-aprelidan chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazining matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur tartibni joriy etilishi bo‘yicha mas’ul Soliq organining tushuntirishicha, xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan ko‘rsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi. Mazkur o‘zgartirish aholi va tadbirkorlar uchun ham amal qiladi.
Ya’ni, masalan amaldagi xizmat qiymati 4000 so‘mni tashkil etsa, mazkur qiymatga nisbatan 1-apreldan 12% miqdorida QQS hisoblanganda jami xizmat narxi 4480 so‘mni tashkil etadi.
Toshkent shahrida yangi tariflar tasdiqlanganidan keyin chiqindilarni olib chiqish tarifi oyiga 7500 so‘mni tashkil etdi. Endi QQS bilan bu summa 7500 * 1,12 = 8400 so‘m bo‘ladi.
Qayd etilishicha, bu o‘zgarish 2023-yilning 28-dekabrida qabul qilingan “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi 891-son qonuniga asosan amalga oshiriladi.
Yanvar oyi boshida O‘zbekistonda chiqindilarni yig‘ish va boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona elektron tizim orqali xizmat ko‘rsatishi, tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinishi belgilangan.
Chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritish faqatgina Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklarining to‘lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshiriladi. Chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib boriladi.
Sanitariya xizmatlari uchun eng kam to‘lov stavkalarining yillik qayta ko‘rib chiqilishini joriy etish ham tasdiqlandi. Yangi tariflar 1-dekabrgacha mahalliy kengashlar tomonidan tasdiqlanadi.