22-yanvar kuni “Yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-aprelidan 1-oktabrgacha avtotransportlarga yo‘l varaqalarini elektron rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.
Bu davrda elektron yo‘l varaqalari Transport vazirligining “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimining “Elektron yo‘l varaqa” avtomatlashtirilgan tizimi orqali rasmiylashtiriladi va yuritiladi.
Elektron yo‘l varaqalari avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan mustaqil rasmiylashtiriladi.
Yo‘l varaqalarining qog‘oz shaklidan foydalanishni cheklamagan holda uning elektron ko‘rinishiga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Shuningdek, elektron yo‘l varaqalari tizimi shaxsiy yengil avtomobilida yo‘nalishsiz taksi sifatida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar uchun amal qilmaydi.
Mazkur tizim platformasini yaratish, joriy etish va unga xizmat ko‘rsatish uchun manfaatdor tashkilotlar (milliy operatorlar) tanlov asosida jalb etilishi mumkin. Tizimdan foydalanishda yig‘im undirilmaydi.
Avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun elektron yo‘l varaqalari tizimi platformasi joriy etilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq prezident xorijiy mamlakatlarda mahalliy yuk tashuvchilari uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini ko‘rishni topshirgandi.
Ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qo‘shimcha yig‘imlar mavjudligi, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagani, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan terminallar yo‘qligi qayd etildi.
Bu masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi.