Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning aytishicha, o‘tgan yili “Universalbank” va “InfinBank"da kiberxavfsizlikning buzilishi banklarning xavfsizlik tizimlarining aybi bilan sodir bo‘lgan. Bu haqda u 25-yanvar kuni matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

“Ikkita bankda kiberxavfsizlik tizimi orqali aholining pul yo‘qotishi, kiberhimoyaning xakerlik hujumiga uchrashi kuzatilgan. Bu mazkur banklar mobil ilovalar tizimining may [Universalbank] va aprel oyidagi [InfinBank] xatosi bilan bog‘liq. Pul miqdori unchalik ham katta emas, nazarimda, 300 mln so‘mga yaqin va bu “Universalbank"ga tegishli. Hozir xato qilib qo‘yishdan qo‘rqaman, lekin unchalik katta summa yoki milliardlar yo‘q”, — dedi Nurmuratov.

Xususan, davlat rahbariyati Markaziy bankka fuqarolar yo‘qotishlarini minimallashtirish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan. Agar o‘g‘irlik banklarning aybi bilan sodir bo‘lgan bo‘lsa, aholi hech narsa yo‘qotmaydi, kredit tashkilotlari esa “Universalbank” va “InfinBank” kabi o‘g‘irlangan summani qoplab beradi, deya qayd etdi u.

Nurmuratovning qayd etishicha, fuqarolar moliyaviy savodxonligining pastligi sabab, yuzaga kelayotgan firibgarlikning oldini olish maqsadida regulyator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritmoqda.

“Har qanday shaxs o‘z bankiga yoki tashkilotga operatsiyani amalga oshirayotganida kredit olishni xohlamasligini bildirishi mumkin. Bu shaxs avtomatik tarzda kredit olishning barcha mobil usullaridan bloklanadi. Xuddi shu narsa antifrod tizimiga (firibgarlikka qarshi kurashish — „Spot“ izohi) ham tegishli. Biz hozir nafaqat tijorat banklariga, balki mikromoliya tashkilotlariga ham talablarimizni kuchaytiryapmiz”, — deya xulosa qildi Markaziy bank rahbari.

Bundan tashqari, Markaziy bank nafaqat yuzni tanish tizimi, balki boshqa kanallar orqali ham kreditlar berilganligini tasdiqlashni talab qiladi. Nurmuratov bu choralarni kreditlash shartlarini kuchaytirish deb hisoblash mumkinligini tan oldi, biroq tartibga soluvchi organ firibgarlikka qarshi kurash mexanizmidan foydalanish niyatida.

O‘tgan yilning noyabr oyida “Gazeta.uz” kiberfiribgarlik qurboniga aylangan o‘quvchilarining hikoyalarini e’lon qilgandi. Jabrlanuvchilarning aytishicha, 11-noyabrga o‘tar kechasi “Universalbank"ga tegishli “Unired” mobil ilovasi orqali bank kartalari bo‘yicha o‘zlariga xabarsiz operatsiyalar amalga oshirilgan.

Undan keyin “Universalbank” Kuzatuv kengashi raisi Anvar Irchayev “Gazeta.uz” bilan suhbatda firibgarlar 300 mln so‘mga yaqin pulni o‘g‘irlashganini, qolgan 200 mlnga yaqin mablag‘ esa bankning antifrod tizimi tomonidan to‘xtatib qolinganini qayd etgan. Shuningdek, u milliardlab so‘m haqidagi xabarlarni rad etdi.

Avvalroq “Uzcard” va “HUMO” terminallarini integratsiyalash mart oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.