Toshkent shahri va Samarqand viloyatida fuqarolarni AQSh, Fransiya va Kanadaga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar K.S., M.O. va O.Z. fuqaro Sh.Sh.ning ishonchiga kirib, $32 mingni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur fuqarolar tanishlari yordamida Yevropa orqali AQShga yuborishni hamda viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Shuningdek, tergovgacha tekshiruv davomida fuqaro O.Z. fuqaro Sh.F.ni va uning oila a’zolarini Fransiyaga borishlari uchun viza hujjatlarini olib berishi evaziga $3900ni firibgarlik yo‘li bilan o‘zining viza kartasiga o‘tkazib olganligi aniqlangan.
Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida fuqarolar H.A., G.M. va J.A. fuqaro R.M.ning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida Kanadaga ishga yuborishga ishontirgan.
Xususan, fuqarolar buni $7 ming evaziga amalga oshirishi qayd etilgan hamda, oldindan $1500 va 600 ming so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq fuqarolarni Meksika orqali Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh bo‘lgandi. Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolar ishonchiga kirib, ularni AQShga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Jizzaxda ham fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi endilikda Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmasligini ma’lum qilgan. Noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.