“Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda loyihalarni kiritish 1−20-fevral kunlari amalga oshiriladi. Undan keyin, 21-fevraldan 11-martgacha loyihalarni saralash o‘tkaziladi.
Keyingi bosqich — ovoz berish jarayoni esa 12−31-mart sanalari davomida o‘tkaziladi.
Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1,36 mlrd so‘mni tashkil etadi.
2024-yilgi davlat budjetida tashabbusli budjetlashtirish tadbirlari doirasida 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan jihozlash bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga 26,6 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.
O‘tgan yilgi oxirgi mavsum jarayonida “Tashabbusli budjet” doirasida xodimlarni majburiy ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilganlik uchun qanday jazo mavjudligi haqida ma’lumot berilgandi.