Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni maktab ta’limi sifatini yaxshilash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatda 10 284ta maktab bor. Maktablarni yiliga o‘rtacha 400 ming o‘quvchi bitiradi, ularning 170 ming nafari ta’limni davom ettirmoqda. Rivojlangan davlatlarda 50%dan ziyod bitiruvchilar professional ta’lim muassasasiga kiradi.
Hozirgacha 208ta maktabning yuqori sinf o‘quvchilariga 3ta yo‘nalish bo‘yicha kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi. Chet tilini bilish sertifikatiga ega bo‘lgan maktab bitiruvchilari soni oxirgi ikki yilda 6 ming nafardan 18 mingga yetdi.
Bu ishlarni izchil davom ettirish zarurligi hamda ta’lim sifatini oshirish uzluksiz jarayon ekanligi qayd etildi. Taqdimotda shu maqsaddagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda hududlardagi 500ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan. Natijada xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni yechish, jamoada ishlash kabi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60%ga yetkazilgan.
Kelgusi o‘quv yiligacha ushbu baholash tizimini xalqaro testologiya mezonlariga moslashtirish zarurligi aytildi. Maktablarning o‘zi ham akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bu xalqaro baholash mezonlarini milliy tizimga joriy qilish, maktablarni boshqarish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Pedagoglarning bilim va mahorati masalasiga e’tibor qaratilar ekan, Malaka oshirish markazlari eskicha ishlayotgani, ilmiy salohiyati yuqori emasligi qayd etildi. Shu bois 14 ta hududdagi bunday markazlarni faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish dasturlarini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Maktablarda xorijiy til bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, OTMlarning o‘quv rejalarini bu bilan uyg‘unlashtirish zarurligi, xorijiy tilni intensiv tarzda o‘rgatish amaliyotini kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Mamlakatda xususiy maktablarga imkoniyat berilgani natijasida ularning soni ko‘paymoqda. Bu davlat maktablariga yuklamani kamaytirish va sog‘lom raqobatga xizmat qilmoqda.
Shu bois xususiy maktablar uchun litsenziya talablarini soddalashtirish, kredit, soliq va kommunal to‘lovlardan qo‘shimcha yengilliklar berish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mutasaddilarga ta’lim tashkilotlari faoliyati va ta’lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq berildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi. U bog‘cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta’limda o‘quv standarti va dasturlarini tajribalar asosida ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.
Davlat rahbari maktablar faoliyatida mahalla raisi va faollarining o‘rni katta bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. “Mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga e’tiborli bo‘lishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq xorijiy mamlakatlarda “Uzacademy” ta’lim platformasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Yil yakunigacha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslari ham tashkil etiladi.