“Tesla” 2025-yilda ommaviy segment uchun yangi elektromobilni seriyali ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “Reuters”.
Bir nechta agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchisi “Redwood” kod nomini olgan loyihani bir nechta yetkazib beruvchilarga yetkazgan.
Ilon Mask 24-yanvar kuni investorlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida “Tesla” kelasi yili yangi modelni chiqarish niyatini tasdiqladi.
Kelajakdagi elektromobil ishlab chiqarish boshlanadigan birinchi zavod Texasdagi “gigafabrika” bo‘ladi. Meksikadagi va AQShdan tashqaridagi boshqa mamlakatlardagi zavodlar keyinchalik ishlab chiqarishni boshlaydi.
“Reuters” manbalariga ko‘ra, birinchi bosqichda haftasiga 10 ming dona kelajak modeli ishlab chiqariladi.
Shu bilan birga, kompaniya rahbari ishlab chiqarish hajmini oshirish korxona uchun qiyinchilik tug‘dirishini ta’kidladi.
O‘zining choraklik moliyaviy hisobotida “Tesla” yangi elektromobilni seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha ishlar 2024 yilda o‘sishni sekinlashtirishi mumkinligini ta’kidladi.
Biroq, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan kompaniya o‘sishning yangi to‘lqinini kutmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, buudjet modellari kompaniyaga boshqa ishlab chiqaruvchilarning arzonroq elektromobillari bilan yanada muvaffaqiyatli raqobatlashish imkonini beradi.
Masalan, Xitoyning “BYD” kompaniyasiga 2023-yil oxirida choraklik sotuvlar bo‘yicha “Tesla"dan o‘zib ketish imkonini past narxlar bergan edi.