2023-yilda O‘zbekistondan ko‘chib ketgan aholi soni 223 200 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Shundan erkaklar soni 97,8 ming nafar, ayollar soni esa — 135,4 ming nafar. Ko‘chib ketganlardan 158,7 ming nafari shahar joylariga, qolgan 74,5 ming nafari qishloq joylariga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida mamlakatdan xorijga ko‘chib ketganlar soni 17 336 kishini tashkil etdi. Shundan 8 270tasi erkaklar, 9 066tasi esa ayollardir.
Ko‘chib ketganlarning xorijiy davlatlar bo‘yicha asosiy qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi — 14 051 nafar. Jami sonning 81%ini tashkil etgan.
Shuningdek, Rossiyaga 2 670 nafar, Janubiy Koreyaga 107 nafar, Qirg‘izistonga 91 nafar, Turkmanistonga 40 nafar hamda boshqa mamlakatlarga 377 nafar aholi ko‘chib ketgan.
Xorijiy mamlakatlarga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketganlarning 10,1%ini mehnatga layoqatli yoshdan kichik bo‘lganlar tashkil etadi.
Shuningdek, 81,4%i mehnatga layoqatli yoshdagilar hamda 8,5%i mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar bo‘yicha ko‘chib ketganlarning eng yuqori o‘sish sur’ati Navoiy viloyatida qayd etilgan. O‘tgan yili ularning soni 2022-yilga nisbatan 41,3% oshgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Buxoro (21,5%), Qoraqalpog‘iston (19,5%) hamda Xorazm (18,3%) hamda Toshkent shahri (10,8%) turibdi.