O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallarning sotuv hajmi 2,2 barobardan oshdi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
2023-yilda birja savdolari orqali umumiy qiymati 1,13 trln so‘mlik 1,8 tonna qimmatbaho metallar sotilgan bo‘lib, shundan 99%i oltin savdosiga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston birjasida kumush savdosi hajmi 2,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Umuman, o‘tgan yilda qimmatbaho metallar savdosi 2022-yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgan.
Yanvar-dekabr oylarida tovar-xom ashyo birjasida oltin bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi 14,8%ga — 1 gramm uchun 684,8 ming so‘mdan 786 ming so‘mgacha oshgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oxirida 1 gramm oltin narxi 22,8%ga, ya’ni 691 ming so‘mdan 850 ming so‘mgacha oshgan.
Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich bahosi Markaziy bankning birja bitimi tuzilgan sanadagi kursi bo‘yicha milliy valyutada London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingi asosida belgilanadi.
Birja bozorida qimmatbaho metallarning sotuvchisi sifatida “Olmaliq KMK” va “Navoiy KMK” ishtirok etadi, xaridorlari esa sanoat mahsulotlari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar hisoblanadi.