Toshkent aeroportining jo‘nab ketish terminalida mehmonxona o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonxona jo‘nab ketish terminalining kutish zalida, “Art Bazar” majmuasining chap tomonida joylashgan.
Shuningdek, birinchi qavatda yuvinish va xojatxona, ro‘yhatga olish peshtaxtasi va ma’lumot tablosi bo‘ladi, har bir xonada esa individual bortga taklif qilish tizimi mavjud.
Xonalar to‘liq o‘lchamli bir kishilik yotoq va minimal jihozlar — chiroq, oyna, kiyim ilgich, qo‘l yuki uchun javon, stol bilan jihozlangan kichik kabinalar kabi qurilgan.
Yo‘lovchi transfer paytida aeroportdan chiqmasdan yoki tranzit zonasini tark etmasdan bu yerda bir necha soat qolishi mumkin.
2023-yilning aprel oyida mazkur mehmonxona boshlang‘ich 325,4 mln so‘m bilan auksionga chiqarilgandi. Oktabr oyiga kelib esa avvalgi summaga nisbatan qariyb to‘rt barobar qimmatroq — 1,29 mlrd so‘m bilan qayta sotuvga qo‘yildi.
Qayd etilishicha, E-auksion.uz platformasidagi savdolar orqali umumiy maydoni 240 kv.metr bo‘lgan mehmonxona xususiy kompaniya boshqaruviga o‘tkazilgan hamda “Khamsa Hotel” brendi ostida faoliyat yuritadi.
Operator tomonidan belgilangan mehmonxonadan foydalanish tariflari muddat va xona klassiga qarab $30dan $150gacha bo‘ladi.
Xususan, ikki qavatda jami 24ta kichik xonalar mavjud bo‘lib, shundan 23tasi standart, 1tasi esa lyuks xona hisoblanadi hamda oilaviy yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq “Uzbekistan Airports” mobil ilovasini ishga tushirgandi. Unda samolyotlarning uchib kelish va uchib ketishi jadvali haqida ma’lumotlarni olish mumkin. Ilovada qo‘shimcha xizmatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.