Qatar kompaniyasi Toshkent viloyatida o‘quv-ko‘ngilochar park qurish istagida. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Xususan, “Power International Holding” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar tashkil etilib, Toshkent viloyatida “Silk Road Land Edutainment Park” bog‘ini barpo etish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Loyiha qiymati $300 mlnni tashkil etib, uning doirasida, viloyatdagi 180 gektar maydonda mazkur parkni qurish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston vakillari Qatar tomoniga mazkur loyihaning biznes rejasini taqdimot qildi hamda tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Loyiha joylashgan manzilni ko‘zdan kechirish va uni amalga oshirish shartlarini batafsil muhokama qilish belgilangan.
Mazkur loyiha Qatar kompaniyasining mamlakatda amalga oshirishi rejalashtirilgan birinchi loyihasi emas. 2023-yilning oktabrida prezidentning Qatarga tashrifi doirasida “Power International Holding” boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyat bilan uchrashuvida O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishi ma’lum qilindi.
Noyabr oyida kompaniya mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani xabar berildi. Xolding yo‘llar, ko‘p tarmoqli shifoxona majmuasi, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi mehmonxonalar qurilishida hamda “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin.
Bundan tashqari, Qatar kompaniyasi Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kompaniya Toshkent-Samarqand yo‘nalishida tezyurar poezdlar uchun temir yo‘l qurilishiga mablag‘ ajratmoqchi. Bundan tashqari, shu yo‘nalishda pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ham bor.
“Power International Holding” kompaniyasi 1983-yilda tashkil etilgan. Dunyoning 19ta mamlakatida faoliyat olib bormoqda. Korxona ishchilari soni 65 mingdan ortiq.