O‘zbekistonda kelasi yildan AI-80 rusumli benzinidan voz kechilishi mumkin. Bu haqda prezident rasiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Xususan davlat rahbari Bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, poytaxtda og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4"dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda poytaxt ko‘chalariga atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Ekologiya vazirligi Toshkentda atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgandi.

Shuningdek, jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yoqilg‘isi va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, yo‘l infratuzilmasini hamda markaziy ko‘chalarda avtomobilsiz hududlarni tashkil qilish taklif etilmoqda. Tajriba tarzida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasi joriy etilishi mumkin.