Avvalroq davlat rahbari raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda aholi uchun qulay infratuzilma, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlar, yuqori daromadli ish o‘rinlari hamma shaharlarda ham birdek rivojlanmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilar aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi.

“Bosh rejasi bor hududlarda ham qurilish ishlari pala-partish tashkil etilmoqda, Qurilish vazirligida buni nazorat qiladigan tizim ishlamayapti”, — deya qayd etdi davlat rahbari.

Shuningdek, ayrim joylarda noqonuniy qurilishlar aniqlanmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 4 mingga yaqin bunday holat aniqlangan.

So‘nggi ikki yilda ko‘p qavatli uylarga tutash maydonlarda 7 mingdan ortiq o‘zboshimcha qurilish bo‘lgan, yana 5 mingta holatda umumiy foydalanishdagi joylar to‘sib olingan.

Hududlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy avtomobillar uchun to‘xtash joylari qilib, “blokator"lar o‘rnatish avj olmoqda.

Ko‘chalarning yagona qiyofasiga amal qilish tizimi yo‘qligi, turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va “O‘zbekkosmos” boshchiligida respublika komissiyasi tuziladi. Komissiya muntazam ravishda hududlarning aero va kosmik suratlarini olib, tahlil qiladi va oldingi suratlar bilan tafovutlarni aniqlaydi va noqonuniy qurilishlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga joriy yilda 170ta, kelasi yilda esa kamida 300ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Shuningdek, har bir ishlab chiqilgan rejani aholi bilan muhokama qilish va ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi.

Buning uchun “Mening hududim” platformasi ishga tushirilib, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish va ovoz berish mexanizmini joriy qilish topshirildi.

Prezidentning tegishli qarori bilan 2024-yilning 1-iyuligacha “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqilishi belgilangan.