Prezident ishtirokida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda kommunal sohadagi ishlar ahvoli tahlil qilindi.
Unda ko‘p qavatli uylarni boshqarish, issiqlik va suv ta’minoti sohalarida keskin o‘zgarish bo‘lmayotgani tanqid qilindi.
Jumladan, aksariyat ko‘p qavatli uylarda energiya sarfi xorijga nisbatan 3−4 barobar yuqori, issiqlik ta’minoti tizimida energiya yo‘qotishlari ko‘p, tizimda bugungi kungacha biror marta energiya auditi o‘tkazilmagan, debitor qarzdorligi oqibatida issiqlik korxonalari tizimni yaxshilashga investitsiya kiritmayapti.
Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Energetika vazirligiga ko‘p qavatli uylarda energiya tejash bo‘yicha alohida dastur amalga oshirishni boshlash topshirildi.
Xalqaro ekspertlar jalb qilinib, qayerda markazlashgan, qayerda lokal yoki individual isitish tizimini qo‘llash, qaysi qozonxonalarni kogeneratsiya texnologiyasiga o‘tkazish bo‘yicha har bir hududning issiqlik ta’minoti sxemasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, ichimlik suvi inshootlarining ayrimlari talabga javob bermasligidan kelib chiqib, suv sifati standartlarini to‘liq yangilash, ularni barcha suv inshootlarida joriy qilish shartligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga kamida 4ta laboratoriyani jihozlab, ularda ichimlik suvi sifatini to‘liq tahlil qilishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Tizimda ichimlik suvi yo‘qotilayotgani, iste’molchilarning 30%ida haligacha suv hisoblagichi o‘rnatilmagani, o‘g‘irliklar davom etayotgani tanqid qilindi.
“O‘zsuvta'minot” shu kungacha birorta yirik xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirgani yo‘qligi, ichimlik suvi yetkazib berish tannarxini kamaytirish bo‘yicha bosh qotirmayyotganligi qayd etildi.
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni kengaytirish maqsadida tizim rahbarlariga topshiriqlar berildi. Tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi.
Viloyat hokimlariga eskirgan nasoslarni yangilash ishlarini boshlab, bu yil kamida 1000ta nasosni energiya tejamkoriga almashtirishga topshiriq berildi.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.
2023-yilning aprelida prezident nasos stantsiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.