Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi avtolizing firma xizmatlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.
Qo‘mitaga iste’molchilardan avtomobillarni lizing va ijaraga beruvchi korxonalar tomonidan shartnomaviy majburiyatlar bajarilmayotganligi to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.
O‘tgan yillar davomida avtomobillar uchun oldindan to‘lovlarni amalga oshirgan, biroq belgilangan muddatda avtomobil yetkazib berilmagani yoki to‘langan pullar qaytarilmayotganiga oid holatlar bo‘yicha 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning asosiy qismi “Umid Avto Companies”, “Orient Avto-Lizing”, “Imkon Avto”, “Mega Auto Lizing”, “Avto 60-oy”, “Avtohamkor 0 foiz” va boshqa korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Korxonalar iste’molchilarning pullarini qisqa muddatda yangi avtomobillarni avtosalonlardan bozor narxidan arzon olib berish va’dasi bilan jalb qiladi. O‘z majburiyatlarini boshqa iste’molchilardan olingan mablag‘lar evaziga qoplash va iste’molchilar to‘lagan pullarni qaytarishni bir yildan ortiq muddatga kechiktirish (ushlab turish) kabi holatlarga yo‘l qo‘ymoqda.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan jami 12ta korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Bu korxonalar qatorida “Umid Auto Leasing”, “Umid Lizing Tashkent”, “Umid Auto”, “Umid avto Tashkent”, “Umid Avto lizing”, “Mega Avto Leasin-Hamkor”, “Mega Avto Leasin”, “Samo Rimmax Avto”, “Rimmax Auto Leasin”, “Ishonch Auto Leasin”, “Asr Auto Leasin”, “Baraka Avto Baraka Business” bor.
Biroq, bu kabi korxonalar mansabdorlari tomonidan iste’molchilarni chalg‘itish yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan pullarini jalb qilish kabi huquqbuzarliklar davom ettirilmoqda. Ular faoliyati ustidan iste’molchilardan ko‘plab shikoyat arizalari kelib tushmoqda.
Shuningdek, “Avto 60-oy” va “Avtohamkor 0 foiz” kabi aholining millardlab pullarini o‘zlashtirgan avtolizing firmalar haqida juda ko‘p marta gapirilganiga qaramay, ayrim fuqarolar hali ham bu kabi firmalar aldoviga ishonayotgani qayd etilgan xabarda.
Qo‘mita avtolizing firmalar bilan shartnoma tuzish (imzolash) va ularga pul to‘lashdan avval shartnoma shartlari, to‘lov talablari va muammoli vaziyatlarda qaytarib olish muddati va shartlari bilan to‘liq tanishib chiqishni, firma ishonchliligini axborot manbalaridan tekshirish hamda har qanday aldov va va’dalarga ishonmaslikni so‘ramoqda.
Avvalroq MHTI ekspertlari lizing bozorida banklar ulushining kamayishi bilan avtomobil lizingining sezilarli darajada kamayishi kuzatilayotganini qayd etishgandi.