29-yanvar kuni O‘zbekistonning uchta viloyatidagi ayrim hududlarning elektr tarmog‘ida nosozlik yuz berdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat hududlarida kuchli shamol va yomg‘ir (qor) yog‘ishi natijasida quyidagi hududlar elektr ta’minotidan uzilgan:
- Qashqadaryoning Ko‘kdala, G‘uzor, Shahrisabz, Yakkabog‘, Kitob va Qarshi tumanlari qisman — jami 5 430ta iste’molchi;
- Samarqandning Nurobod, Pastdarg‘om va Ishtixon tumanlari qisman — jami 3 500ta iste’molchi;
- Jizzaxning Forish va Sharof Rashidov tumanlari qisman — jami 950ta iste’molchi.
Xabar e’lon qilingan vaqt (soat 21:33)da maxsus brigadalar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilayotgani qayd etilgandi.
Shuningdek, nosozliklar qisqa vaqt ichida bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklanadi.
2023-yil sentabrda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.
2024-yilning 1-yanvarigacha Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tayyorlash rejalashtirilgandi. 2026-yildan agentlik tomonidan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tariflari hamda to‘lovlari miqdorlari tasdiqlanadi.
Joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda yagona elektr savdosi platformasi yaratiladi. 2035-yilgacha elektr energiyasini aholiga barcha hududlarda bir xil narxda sotish joriy etiladi.