Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda suv ta’minoti hamda chorvachilikni yaxshilashga 12 mln yevrodan ortiq mablag‘ ajratiladi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi rasmiy “Telegran” kanali xabar berdi.
O‘tgan yilning 22-dekabr kuni YeI hamda Fransiya taraqqiyot agentligi Ichimlik suvi dasturi va ekologik barqaror chorvachilikni moliyalashtirishga qaratilgan ikkita bitimni imzoladi.
Iqlim uchun bezarar va inklyuziv chorvachilik sektorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi kelishuvning ikkinchi transh miqdori 4,7 mln yevroga teng bo‘lib, YeI tomonidan loyiha uchun ajratilgan 11,5 mln yevro miqdoridagi grant moliyalashtirilishini yakunlaydi.
Shuningdek, mazkur summa FTA tomonidan O‘zbekistonga ajratilgan 100 mln yevro miqdoridagi qarzni to‘ldiradi hamda uning umumiy miqdori 111,5 mln yevroga yetdi.
Fransiya taraqqiyot agentligi 610 ming nafar fuqaroga suv ta’minoti tizimidan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun 7,9 mln yevro miqdorida grant ajratadi.
Loyiha Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryoning 7ta tumanida ishonchli va samarali suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Dastur doirasida quyidagi uchta komponent amalga oshiriladi:
- eskirgan suv ta’minoti tizimlari o‘rniga ichimlik suvi tizimlarini qurish, qayta qurish va kengaytirish;
- loyiha bilan qamrab olingan “O‘zsuvta'minot” va hududlardagi “Suvta'minot"larning salohiyatini oshirish;
- “O‘zsuvta'minot” va “Suvta'minot"lar ichki va tashqi faoliyatida gender masalalari bo‘yicha harakatlar rejasini amalga oshirish.
Suv ta’minoti masalalariga nisbatan kompleks yondashuv FTA va YeI delegatsiyasiga tegishli hududlarning ehtiyojlarini qondirish uchun kompleks dasturni taklif qilish imkonini berdi.
2022-yilning noyabrida Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati 1 mlrd yevrodan ortiq bo‘lgan 2025-yilgacha strategik hamkorlik dasturi imzolandi.
Dastur qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti, bank-moliya va transport sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Avvalroq Yaponiya O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishga $200 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.