Yaponiya O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishga $200 mln ajratadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davomida uyushma raisi Faxriddin Boboyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Sachiko Imoto bilan uchrashdi.

Muloqotda “O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

JICA rahbariyati loyiha doirasida $200 mln mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Mablag‘lar chorvachilik, charmsanoat, baliqchilik, parandachilik sohalaridagi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar asosida taqdim etiladi.

O‘zlashtiriladigan mablag‘larning $40 mlni terini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritish niyatida bo‘lgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida ajratiladi.

Ularning samarali o‘zlashtirilishi hamda ular hisobiga yangi invest loyihalarning foydalanishga topshirilishi tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshiradi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarning eksport ko‘rsatkichi ortadi hamda hududlarda yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan transport aloqasiga 10 mlrd yevro sarmoya kiritishi ma’lum qilingandi. O‘zbekiston va Yevropa investitsiya banki 500 mln yevrolik memorandum imzoladi.