Sirdaryo viloyatidagi AYoQShda sifatsiz benzin yoqilg‘isi sotilganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, departamentning Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasining “I.P.” MChJga qarashli AYoQShda tekshiruv o‘tkazilib, hujjatlar o‘rganildi.
Natijada, mazkur “zapravka"da 10 730 litr AI-92 markali avtobenzinning oktan soni bo‘yicha sifat ko‘rsatkichi davlat standarti parametrlariga mos kelmasligi aniqlangan.
Shuningdek, MChJ tomonidan mijozlarga sifatsiz yoqilg‘i sotilganligi natijasida 12 nafar fuqaroning avtomobiliga 103,2 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Surxondaryodagi ayrim “zapravka"larda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlangandi. Mazkur holat kuzatilgan AYoQShlar Ai-80 benzinini Ai-95 markali benzini sifatida qimmat narxda sotgan.