Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto aktivlari bilan bog‘liq yechimlar uchun sinov tarzida yangi pilot loyihani ro‘yxatdan o‘tkazishni e’lon qildi.

“Uzinfocom” yagona integratoridan Token.uz platformasi maxsus tartibga solish rejimiga qo‘shildi.

Bu davlat kompaniyasining reestrdagi ikkinchi ishlanmasi bo‘ib, birinchisi .UZ zonasidagi domen nomlari uchun NFT sertifikatlarini berish loyihasi edi.

Token.uz tarqatilgan ma’lumotlar reestri (blokcheyn) yordamida ma’lumotlarni saqlashning ishonchli va shaffof usulini taqdim etadi. Yechim uchinchi shaxslar tomonidan ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki almashtirishni oldini oladi.

Platforma asosiy tarmoqdan ajratilgan xususiy Ethereum tarmog‘ida ishlaydi.

Buning uchun Arbitrum ikkinchi darajali blokcheyn ishlatildi, bu markazlashmagan ilovalarni va kamroq tranzaksiya to‘lovlari bilan smart-shartnomalarni ishga tushirish imkonini beradi.

“Uzinfocom” ma’lumotlariga ko‘ra, platformadan davlat va xususiy sektorlarda foydalanish mumkin. Fevral oyida keng foydalanuvchilar uchun ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Kripto-aktivlar muomalasi sohasida maxsus tartibga solish rejimi 2023-yil boshida ishga tushirildi.

Uning doirasida yuridik shaxslarga sinovdan o‘tkazish va yangi yechimlarni amaliyotga joriy etish jarayonida huquqiy munosabatlar uchun alohida tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Loyihalar doirasida tartibga soluvchi qumdon ishtirokchilari soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga badallar, shuningdek, aksariyat bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan.

Bundan tashqari, o‘z tashabbuslarini amalga oshirish uchun ularga litsenziya kerak bo‘lmaydi.


Avvalroq “Uzinfocom” O‘zbekistondagi “BYD” avtomobillariga o‘zbek tilida ovozli yordamchi “Muxlisa AI” ovozli yordamchisi o‘rnatilishi haqida xabar bergandi.