Yevropa va xalqaro moliya institutlari Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror transport aloqasini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya kiritishga 10 mlrd yevro ajratadi. Bu haqda Yevrokomissiya matbuot xizmati xabar berdi.
29-yanvar kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalariga bag‘ishlangan “Global Gateway” investorlar forumi ochildi. Xususan, tomonlar sayohat vaqtini 15 kungacha qisqartirish maqsadida Transkaspiy transport yo‘lagini transformatsiya qilishga kelishishdi.
Yevropa komissiyasining qayd etishicha, Ukrainada urush boshlanganidan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida Rossiya hududi orqali tranzit o‘tmaydigan muqobil yo‘llarni izlash zarurati yuzaga kelgan.
O‘zbekiston va Yevropa investitsiya banki o‘rtasida 500 mln yevrolik anglashuv memorandumi imzolandi.
Umuman, YeIB Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan 1,47 mlrd yevrolik kelishuv imzoladi. Mazkur kreditlar Yevropa Komissiyasi tomonidan taqdim etilgan kafolatlar orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Qozog‘iston bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi va u Markaziy Osiyoda umumiy transport aloqasini rivojlantirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan loyihalar uchun 1,5 mlrd yevro ajratadi.