Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi. Bu haqda Oliy Majlisda o‘tkazilgan hukumat soatida vazir Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
Deputat Dilorom Imomova vazirga sement zavodlarini aholi punktlari va muhofaza etiladigan hududlar yaqinida joylashtirish qanchalik to‘g‘riligi haqida savol bilan yuzlandi. Masalan, Kitob tumanidagi bolalar oromgohlari, sanatoriylar, sayyohlik nuqtalari joylashgan hudud yonida shunday zavod qurish rejalashtirilgan.
Imomova 22ta sement zavodini qurish bo‘yicha taklif etilayotgan loyihalarni prezident tanqidiy baholaganini qayd etdi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish hamda ekologiyaga zararli ta’sirini kamaytiruvchi texnologiyalarini joriy etishga chaqirdi.
Abduhakimov sement zavodlari joylashgan hududlarda jiddiy ekologik muammolar mavjudligini ta’kidladi. Joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ishlab chiqarish obyektlaridan 5−10 km uzoqlikda “chang plyonka"si bilan qoplangani kuzatilgan, bu esa o‘simlik, hayvonot dunyosi va aholiga ta’sir ko‘rsatgan.
Ayni paytda sement zavodlariga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdori 100−200 mln so‘mni tashkil etadi. Abduhakimov minimal chegarani 10 mlrd so‘mga oshirish, shuningdek, korxonalarga chang-gazlarni ushlab qoluvchi uskunalarni o‘rnatish majburiyatini yuklashni taklif qildi.
Shuningdek, vazir so‘nggi yillarda “biznes erkinligi"ni ta’minlash maqsadida yangi sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ekologik ekspertizadan o‘tkazish amalda o‘tkazilmaganini ta’kidladi. 2023-yilning noyabridan boshlab, ekspertiza yana majburiy etib belgilandi.
Bundan tashqari, hukumatning yangi sement zavodlari qurilishiga moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi qarori tayyorlanmoqda. Prokuratura qurilgan korxonalar ustidan ekologik nazoratga jalb qilinadi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda mavjud 47ta zavoddan 23tasi turli sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan. Mavjud ishlab chiqarish obyektlari faoliyati o‘rganilganda ularning 90%ida qonunbuzarliklar aniqlangan. Bu bo‘yicha har bir korxonaga tegishli ogohlantirishlar berilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2025-yildan AI-80 rusumli benzin ishlab chiqarishni to‘xtatishga topshiriq bergandi.