O‘zbekistonliklarga Qozog‘istonda 30 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan qolishga ruxsat berildi, deb xabar bermoqda Qozog‘istonning “Vlast.kz” nashri.
Qozog‘iston parlamenti O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi o‘zaro kelib-ketish to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan o‘zgartirishlarni ratifikatsiya qildi. Oliy Majlis xuddi shunday qonunni o‘tgan yilning aprel oyida ratifikatsiya qilgandi.
“Mazkur hujjat ikki davlat fuqarolarining vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan teng asosda 30 kun davomida bo‘lishlarini belgilaydi. Bu muddatdan keyin ular vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olishlari talab etiladi”, — dedi IIV rahbari Yerjan Sadenov.
Bundan tashqari, u o‘zbekistonliklar uchun maksimal bo‘lish muddatlarini yangilash rejalarini ham ma’lum qildi. Hozirda bu muddat olti oy ichida 90 kundan oshmasligi kerak.
2022-yilning 22-dekabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Toshkentga tashrifi chog‘ida 2000-yil iyuldagi fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolangandi.
2023-yilning yanvarida Qozog‘iston xorijliklarning mamlakatga kirish va qolish qoidalarini o‘zgartirdi. Mamlakatda 90 kundan ortiq qolish uchun xorijlik fuqaro vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olishi kerak.
Avvalroq BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim taqdim etishi haqida xabar berilgandi.