Adliya vazirligi “Nokia Corporation"ning intellektual mulk huquqlarini himoya qildi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.
2023-yili Finlyandiya korporatsiyasining ishonchli vakili tomonidan O‘zbekistonda kompaniya tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha vazirlikka murojaat yuborilgan.
Murojaat asosida Adliya vazirligi tomonidan tegishli tartibda o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada, Toshkent shahrida “Nokia” tovar belgisi bilan aynan bir xil bo‘lgan kontrafakt mahsulot sotilayotganligi aniqlandi.
Mazkur holay yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur hamda Chilonzor tuman sudlari tomonidan sakkiz nafar shaxsga 23 mln 760 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Huquqbuzarlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi birinchi qismi — mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Avvalroq 12ta avtomobil lizing kompaniyasi mansabdorlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.