O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi qisqardi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Statistika agentligi tomonidan 2023-yil uchun mamlakatning kambag‘allik darajasi tahlil qilindi.
O‘tkazilgan 16 mingta uy xo‘jaliklari kuzatuvlariga ko‘ra, o‘tgan yil yakunida kambag‘allik darajasi 11%gacha pasaygan.
Bunda ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 3,1%ga qisqarib, bu davrda kambag‘allik darajasi 14%ni tashkil etgandi. Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirilgan.
Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi. Sirdaryo (19,5%dan 13,8%gacha), Andijon (17,4%dan 11,9% gacha) va Qoraqalpog‘istonda (19,9% dan 13,7% gacha) sezilarli darajada qisqargan.
Minimal o‘zgarishlar Toshkent shahri (8,5%dan 7,9%gacha) va Buxoro (11.9%dan 11,8%gacha), Qashqadaryo (12,7%dan 11,5%gacha) viloyatlarida aniqlangan.
2023-yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlangan.
Hokim yordamchilari ko‘magida 241,3 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer maydonlari ajratildi. “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 745ta tadbirkorlar bilan 455 ming nafar aholi badligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trln so‘m imtiyozli kreditlar va 73 ming nafar ishsiz fuqarolarga 356 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyihalarning amalga oshirilishi natijasida 206 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 181 ming nafar ishsiz fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlar tashkil etildi.
Inflyasiya darajasidan kelib chiqib, 2024-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati 621 ming so‘mni tashkil etdi. Bu 2023-yilda 568 ming so‘m bo‘lgan.
Kambag‘al oilalarni “Individual dastur"lar tuzish orqali 2023-yilda 208 ming oilaning 873 ming oila a’zosi kambag‘allikdan chiqarilgan. 2024-yilda kambag‘allikdan 150 ming oila (va uning 700 ming oila a’zosi) chiqarilishi rejalashtirilgan.
2023-yil yakunigacha O‘zbekistonda 127,5 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilishi belgilangandi. 2026-yilgacha kambag‘allik 2 barobarga, 2030-yilgacha esa keskin qisqartiriladi.