29-yanvar kuni Adliya vazirligi kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Hujjat bilan, tartibga solish qumdoni bilan ishlashish, uning ishtirokchilarini ro‘yxatga olish va ular faoliyatini monitoring qilish tartibi belgilangan. 2023-yil oxirida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nizom loyihasini e’lon qilgandi.
“Qumdon” prezidentning sentabrdagi qaroriga muvofiq xorijiy investorlarning qimmatli qog‘ozlar mahalliy bozoriga kirishini ta’minlashga qaratilgan. Uning ishtirokchilari xorijiy investitsiya banklari, brokerlar, kastodianlar va boshqa investitsiya vositachilari bo‘ladi.
“Tartibga solish qumdoni” doirasida faqat O‘zbekistonda tan olingan xorijiy yurisdiksiyalardan birining qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yuritish litsenziyasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga ishlashga ruxsat etiladi. Ularning ro‘yxati NAPP tomonidan tasdiqlangan.
Xususan, ro‘yxatga 38ta davlat kiritilgan bo‘lib, ulardan investitsiya vositachilari o‘z profili bo‘yicha mahalliy litsenziyasiz ishlashlari, filial yoki yuridik shaxs tashkil etishi mumkin bo‘ladi. Quyida ro‘yxatga kiritilgan davlatlar keltirilgan:
- Avstraliya
- Avstriya
- Armaniston
- Belgiya
- Buyuk Britaniya
- Vengriya
- Germaniya
- Gonkong
- Gretsiya
- Gruziya
- Daniya
- Irlandiya
- Islandiya
- Ispaniya
- Italiya
- Xitoy
- Kanada
- Janubiy Koreya
- Latviya
- Litva
- Lyuksemburg
- Niderlandiya
- Yangi Zelandiya
- Norvegiya
- Polsha
- Portugaliya
- Singapur
- Sloveniya
- Slovakiya
- AQSh
- Turkiya
- Finlyandiya
- Fransiya
- Chexiya
- Shvetsiya
- Shveysariya
- Estoniya
- Yaponiya
“Qumdon"ga qo‘shilish uchun NAPPga ariza jo‘natish kerak bo‘ladi. Arizachi ustavi va boshqa ta’sis hujjatlarining nusxasi, ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi organdan olingan litsenziya nusxasi, shuningdek, jamiyat rahbariyati hamda ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilova qilishi kerak.
Arizalar 20−30 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng uni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Avvalroq 1-fevraldan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.