Avvalroq “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, mamlakatda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan vazifalar belgilanmoqda.

Joriy yilning 1-martidan hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va havo tarkibida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini, ayniqsa yurak, qon-tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

500 va undan ortiq kvadrat metrlik qurilish maydonida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.

Toshkentda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi.

Bunda, mazkur cheklovlar maxsus xizmat, jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilanmoqda.

2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro — 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.

Ekologiyaga avtomobillardan chiqindi gazlar ta’sirini kamaytirish maqsadida poytaxtda oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi.

Bunda, binosi Toshkentda joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi organlarining rahbar xodimlari va xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali aholiga namuna ko‘rsatib borsin.

Avvalroq prezident poytaxtda og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4"dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqishni topshirgandi. Bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi ham Toshkentda ekologik muammolarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgandi.

Yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakakatlanish huquqi uchun yig‘im undirilishi belgilangan.