Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev 7ta kompaniyasini sotganini ma’lum qildi.
Joriy yilning 1-fevral kuni Surxondaryo viloyatida mamlakat tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-marafonda Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zining yettita kompaniyasini sotganini qayd etgan.
Xususan, bular qatorida “Crafers”, “Mediapark”, “Akfa Lighting” hamda “Magic City” kabilar bor. Tadbirkor mazkur aktivlar sotuvini, o‘zini har besh yilda “yig‘ishtirib”, “tozalab” olishi bilan izohladi.
“Kompaniyalar ochganmiz, boshqamiz, lekin 7tasini sotdim. “Crafers"ni sotdim, chunki unda obro‘ qozona olmadim. Ya’ni oziq-ovqat ishlab chiqarishni eplay olmadim. “Mediapark"ni barcha do‘konlari bilan sotdim. Kim ishlayotgan bo‘lsa o‘shanga sotdim. “Ecobozor"ning bittasini sotdim. “Akfa Lighting"ni, “Magic city"ni sotdim. “Basalt"ni nemislarga — “Knauf"ga sotdim”, — dedi Ortiqxo‘jayev.
Tadbirkor bu kabi korxonalariga qiziqmay, sarmoya kiritmay qolgan taqdirda, kompaniyalarini sotishini va yana boshqa ochishini qayd etdi. Bundan tashqari, ular orasidan yaxshisi chiqsa, uni olib qolib, rivojlantirib, qolganlarini esa “tozalab” tashlashini aytdi.
“Masalan, “Akfa Lighting"ga 15 yil vaqtim ketdi, umrim ketdi. Lekin undan keyin men lampochka bilan, “vklyuchatel” bilan shug‘ullanmoqchi emasman. Bunday o‘ylab qarasa, men katta narsani sotib, o‘rniga kichkina narsa olyapman […] Kerak emasidan qutilib turish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
2023-yilning yanvar oyida o‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi bois Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimidan ozod qilingandi.
Oktabrda tadbirkorga tegishli bo‘lgan “Akfa Group” kompaniyasi “Feed Up Eco” fast-food tarmog‘ining 50% ulushini sotib oldi.