31-yanvar kuni nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va bu jarayonga tadbirkorlarni jalb qilish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025-yildan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun bank mablag‘lari hisobidan bozor foiz stavkalarida milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya taqdim etiladi.

Bunda foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

Xususiy maktablar uchun binolarni yangidan qurgan yoki o‘zining bino va inshootlarida umumiy o‘rta ta’lim faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 5 yil muddatga kommunal xarajatlarning 50%i qoplab beriladi.

2030-yilgacha yuridik shaxslarga o‘z mablag‘lari hisobidan xususiy maktablar binolarini qurish bilan bog‘liq xarajatlarning foyda solig‘ini hisoblashda 2 yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlash huquqi beriladi.

Shuningdek, yangi xususiy maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va binolar qurish uchun joylardagi hokimliklar tomonidan har yili 1-martgacha maqbul yer uchastkalari aniqlanadi.

Undan keyin, 1-aprelgacha mamlakat bo‘yicha umumiy maydoni 50 gektar yer uchastkasidan kam bo‘lmagan manzilli ro‘yxat tasdiqlash uchun hukumatga kiritiladi.

Shu bilan birga, 1-maygacha tasdiqlangan manzilli ro‘yxatga asosan yer uchastkalari “E-auksion” savdolariga mulk yoki ijara huquqi asosida chiqariladi.

Auksionda 3 oydan ortiq muddat sotilmay turgan yer uchastkalari savdodan yechilmasdan takroriy auksion savdolariga chiqariladi. Bunda boshlang‘ich narxini qadamma-qadam 50%gacha pasaytirish mexanizmi qo‘llaniladi.

2022-yilning sentabrida hukumat qarori bilan qishloqlardagi chet tillarini o‘rgatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangan.

O‘tgan yilning 1-oktabridan nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishda o‘qituvchilarning toifalari hamda bitta sinfda ta’lim oluvchilarning maksimal soniga qo‘yilgan talablar yengillashtirilishi belgilangandi.