Pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi, deya xabar bermoqda Pensiya jamg‘armasining matbuot xizmati.

31-yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-fevralidan quyidagi nafaqalar miqdori 621 ming so‘m etib belgilandi:

  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga nafaqa;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga nafaqa;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa (keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 212 000 so‘m);
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori.

2023-yilning 1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirildi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming so‘m hamda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 50 ming so‘mni tashkil etadi.