Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Dunyoda farmatsevtika sanoati kengayishi, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo bo‘lishi ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojo‘ya ta’sirlarini aniqlash va tahlil etish zaruratini tug‘dirishi qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, 23-yanvar kuni “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o‘rnatiladi.
Dori vositalari iste’moli bilan bog‘liq xavflarni tezkor aniqlash va chora ko‘rishga qaratilgan tizim tashkil etiladi. Buning uchun “Zarur farmakologik nazorat amaliyoti — GVP” standarti joriy etilib,
Sog‘liqni saqlash vazirligida dorilarning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida elektron baza shakllantiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Dorilar va tibbiy buyumlarni saqlovchi bojxona va erkin omborlar bosqichma-bosqich “Zarur saqlash amaliyoti — GSP” qoidalari talablariga muvofiqlashtiriladi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Zarur amaliyotlar markazi davlat korxonasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Teleradiokanallar orqali dorilar va biologik faol qo‘shimchalarni reklama qilish Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan maxsus kengashning xulosasi asosida mumkin bo‘ladi.
Davlat rahbari bu tarmoqning aholi salomatligi va iqtisodiyotdagi ahamiyatini ta’kidlab, farmon ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
2023-yilning oktabr oyida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish muddati uzaytirildi. 2024-yildan bu turdagi mahsulotlarini 10 yilgacha muddatga sotib olish mumkin.
Noyabr oyida farmatsevtika sanoatida $1,5 mlrdlik 173ta loyiha shakllantirilib, ularni moliyalashtirishga $600 mln yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi. Natijada 2024-yilda $400 mlnlik mahsulot ishlab chiqarilib, $160 mlnlik eksport ta’minlanishi kutilmoqda.
O‘tgan yilda farmatsevti sanoatida $87 mlnlik 57ta korxona ishga tushdi. Shunga qaramay ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish 18%ga ham yetmaydi.
Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi loyiha ofisi tashkil etiladi.