Shaxnoza Tulyakova 1998-yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Dastlab Farg‘ona yuridik kollejini tamomlab, Moskvadagi Oliy iqtisod maktabining xalqaro munosabatlar fakultetiga o‘qishga kirgan. Hozirda Xitoyning Shanxay Jiao Tong universitetida Xalqaro biznes yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Nega Xitoy?

Xitoyda o‘qish uchun grantlar haqida bakalavriatda o‘qigan davrlarimdayoq bilardim. Xitoy tilini o‘rganganligim sabab, doimo u yerga borishni xohlaganman.

2021-yil Moskvada bakalavriatni tamomlagach, O‘zbekistonga qaytib ishlashga va tajriba orttirishga qaror qildim. Bu orada Xitoyda o‘qish fikri meni aslo tark etmadi. Hatto, ishdan keyin xitoy tilidan qo‘shimcha darslar ham oldim, chunki bu tilni mukammal o‘rganish istagi menda kuchli edi.

Ikki yillik mehnat faoliyatimdan so‘ng, nihoyat, butun irodamni bir joyga jamlab, Xitoyning 5ta eng yaxshi universitetlaridan biri bo‘lgan Shanxay Jiao Tongga hujjat topshirishga qaror qildim. Hozirda shu universitetning Antai iqtisodiyot va menejmenti kolleji Xalqaro biznes yo‘nalishida 1-bosqich talabasiman.

Chinese Government Scholarship haqida

Xitoy hukumati Xitoy universitetlarida o‘qish uchun barcha asosiy xarajatlarni qoplaydigan grant ajratadi. Unda butun dunyodan bakalavr, magistratura va PhD darajasi uchun nomzodlar xitoy yoki ingliz tilida o‘qitiladigan dasturlarga hujjat topshirishlari mumkin.

Barcha nomzodlardan stipendiya arizalari uchun til bilish sertifikatlarini taqdim etishlari so‘raladi. Xususan, xitoy tilida o‘qitiladigan dasturlarga da’vogarlar ushbu tilni bilish testi (HSK) sertifikatini taqdim etishlari kerak.

Grant qo‘lga kiritgan talabalar o‘qish to‘lovidan ozod etiladi, sug‘urta xarajatlari ($117) qoplab beriladi, hamda universitet yotoqxonasidan joy yoki yashash uchun qo‘shimcha mablag‘ va oylik 3000 yuan ($420) miqdoridagi stipendiya beriladi.

Talabalarga quyidagicha oylik stipendiya taqdim etiladi:

  • bakalavr darajasi uchun — oyiga $366;
  • magistratura uchun — oyiga $420;
  • doktorantura uchun — oyiga $513.

Nomzod ariza formasini to‘ldirishi, pasport nusxasini yuklashi, notarial tasdiqlangan diplom, akademik transkript, o‘quv rejasi bo‘yicha taklif, hamda tavsiyanoma kabi hujjatlarni jo‘natishi kerak.

Maslahatim, birinchi navbatda o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan universitet haqida jiddiy qaror qabul qilib, uni yaxshiroq o‘rganish lozim. Dastlab, universitet veb-saytiga kirib chet ellik talabalar uchun bo‘limga o‘tish va ushbu universitet qanday stipendiyalar ajratishini ko‘rish kerak.

Grantlar har xil bo‘lishi mumkin: Xitoy hukumati, viloyat yoki shahar hukumatidan, masalan, Shanxay hukumatidan alohida stipendiya bor, u ham barcha xarajatlarni qoplaydi.

Bundan tashqari, universitet yoki kollejning o‘zidan grant, shuningdek, universitet homiylari tomonidan turli xil xususiy grantlar mavjud. Misol uchun, men Shanxay Jiao Tongda o‘qiyman va bu Xitoyning 5ta eng yaxshi universitetlaridan biri.

xorijda ta'lim

Foto: Shanghai Jiao Tong University

Universitetga hujjat topshirish

Hammasi Moskvadagi Oliy Iqtisodiyot maktabida bakalavriatda o‘qish davrida boshlangan. Mutaxassisligim xalqaro munosabatlar bo‘lganligi uchun ikki tilni o‘rganishni talab qilgan. Birinchisi ingliz tili, ikkinchisi esa ixtiyoriy til. Ikkinchi til uchun xitoy tilini tanlaganman. Sababi bu til oldiniga men uchun faqat qiziqish orqali o‘rganiladigan til edi.

Xitoy bugungi kunda iqtisodiy rivojlangan davlatlardan biri bo‘lib, uning ta’siri ko‘pgina davlarga, jumladan, O‘zbekistonga ham sezilmoqda. Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan va iqtisodiyotimizning asosiy investorlaridan biridir.

Shu sababdan, xitoy tilini biladigan mutaxassislarga talab faqat o‘sib boradi. Kelishuvlarni yanada samarali olib borish uchun bu davlatning ishbilarmonlik madaniyatini, ijtimoiy tuzilishini va odamlarning fikrlash tarzini tushunish ham muhim hisoblanadi.

Grant olish uchun ariza beruvchi quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

  1. Chet el fuqarosi bo‘lish
  2. Jismoniy va ruhiy salomatligi haqida tibbiy ma’lumotnoma
  3. Magistratura uchun bakalavrda yaxshi akademik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lish
  4. Magistratura uchun bakalavr, doktorantura uchun magistrlik darajasida bo‘lishi
  5. Xitoy yoki ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikat (xitoy tili uchun HSK-sertifikatlari va ingliz tili uchun IELTS/TOEFL sertifikatlarini taqdim etish kerak bo‘ladi).

Har bir universitetda har xil turdagi stipendiyalar uchun ariza topshirishning o‘z muddati bor. Odatda, keyingi o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish, o‘tgan yilning oktabr oyida boshlanadi. Shu payti, barcha kerakli hujjatlarni tayyorlash maqsadga muvofiqdir.

Masalan, men o‘qiyotgan universitetda 2024−2025 o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish 2023-yil oktabr oyida boshlangan. Bu universitetning veb-saytidagi muddat jadvali:

xorijda ta'lim
Keyinchalik, chet ellik talabalarga ariza topshirish uchun maxsus veb-saytda ro‘yxatdan o‘tiladi:

xorijda ta'lim

Ushbu saytda quyidagilar ketma-ketlikda to‘ldiriladi:

  • ariza beruvchi haqidagi asosiy shaxsiy ma’lumotlar;
  • magistratura yoki doktoranturada o‘qish maqsadi va rejasini belgilash;
  • ta’lim va ish tajribasini ko‘rsatish;
  • xorijiy tillar soni va ularni bilish darajasini ko‘rsatish;
  • aloqa ma’lumotlarini taqdim etish.

Agar hujjatlaringiz ingliz yoki xitoy tillarida bo‘lmasa, ular notarial tasdiqlangan vakolatli tarjima agentligi tomonidan shu ikkita tilning biriga tarjima qilinishi kerak. Keyin tarjima qilingan va asl nusxasi hujjatlar tizimiga yuklanadi, 800 yuan ($115) miqdorida ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi to‘lanadi.

Keyingi qadamda nomzod topshirmoqchi bo‘lgan stipendiyani tanlashi va ro‘yxatdan o‘tish raqamini, shuningdek, stipendiya olish uchun arizani kiritishi kerak. Men uchun eng qiyin narsa barcha hujjatlarni o‘z vaqtida topshirish edi.

Foto: Shaxnoza Tulyakovaning shaxsiy arxividan

Viza olish jarayonlari

O‘qishga qabul natijalarini olganimdan so‘ng, universitet viza olishga ariza topshirish uchun asl nusxadagi hujjatlarni yuborgan. Masalan, men o‘qishga kirganimni iyun oyining oxirida bildim, ro‘yxatga olish hujjatlarini esa iyul oyining oxirida (DHL xalqaro yetkazib berish xizmati orqali) oldim.

Keyin viza uchun ariza topshirdim. Bugungi kunda Xitoy bilan bog‘liq barcha viza tartib-qoidalari Xitoy viza markazidan o‘tadi. Viza olish uchun Xitoy viza markazi veb-saytida ariza to‘ldirib, elektron navbatga qo‘shilish kerak.

Agar Xitoyga uzoq muddatli o‘qish uchun ketayotgan bo‘lsangiz, ya’ni 180 kun yoki undan ko‘proq davom etadigan ta’lim bo‘lsa, u holda arizani to‘ldirishda siz X1 vizasini ko‘rsatishingiz kerak.

Keyingi belgilangan kunda bosma ariza shakli, pasport va universitetga kirishni tasdiqlovchi hujjatlar bilan bordim. Hujjatlarni topshirganimdan so‘ng, 1 mln 240 ming so‘m miqdoridagi viza to‘lovini to‘lash uchun hisob-faktura hamda suhbat sanasi ko‘rsatilgan kupon beriladi.

Suhbat esa Xitoy vizasiga murojaat qilish markazida bo‘lib o‘tadi. Suhbatga erta tongda kelish tavsiya etiladi, chunki, navbatga birinchilardan bo‘lib turish kerak. Suhbat Xitoy elchixonasi xodimlari tomonidan olib boriladi va 15 daqiqadan ortiq davom etmaydi.

Ofisda o‘zbek yoki rus tillaridan tarjima qilishda yordam beradigan tarjimon ham bor. Odatda intervyu paytida ular sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz, Xitoyga safaringiz maqsadi, shuningdek, o‘tgan yil davomida qaysi mamlakatlarga tashrif buyurganingiz hamda kelajakdagi rejalaringiz haqida so‘rashlari mumkin.

Suhbatdan o‘tgandan so‘ng, viza taxminan 5 ish kuni ichida beriladi. Umumiy muddati 10 ish kunidan oshmaydi. Shuningdek, viza uchun ariza holatini markazning veb-saytidan tekshirish mumkin.

Foto: Shaxnoza Tulyakovaning shaxsiy arxividan

Xarajatlar haqida

Boshqa davlatlardagi singari Xitoyda ham talabalar ko‘plab sohalarda ishlashi mumkin. Bulardan eng mashhurlari ingliz tili o‘qituvchisi, model, raqqosa, aktyordir. Ish haqi doirasi juda keng. Ingliz tili o‘qituvchisi oyiga 10dan 25 ming yuangacha ($1400-$3500), model esa kuniga 200−1000 yuan ($30-$140) topishi mumkin.

Oylik xarajatlar. oziq-ovqat uchun kuniga 60dan 100 yuangacha ($8-$14) boradi. Masalan, umumiy ovqatlanish markazlarida burger, kartoshka va Coca-Cola'dan iborat jamlanma to‘plami taxminan 30−40 yuanga ($4-$5) tushadi.

Do‘konlardagi mahsulotlar, sabzavot va mevalar narxi Toshkentdagi bilan bir xil, ammo, go‘sht qimmat — 500 gramm mol go‘shti uchun taxminan 60−70 yuan ($8-$9) turadi. Shuningdek, bu yerda dengiz mahsulotlarining barcha turlari mavjud. Misol uchun, 200 gramm tozalangan qisqichbaqalar 10−12 yuan ($1,5).

Shahar infratuzilmasi va transportiga kelsak, Shanxayda sayohat qilish uchun eng qulay transport — bu metro. Aytgancha, bu dunyodagi eng uzun metro hisoblanadi. Yo‘l haqi esa yurilgan stansiyalar soniga bog‘liq. O‘rtacha bir tomonlama sayohat 3−4 yuan ($0,42 — $0,56) turadi.

Shunday qilib, shaharda yotoqxona xarajatlarini hisobga olmaganda, bir oylik asosiy xarajatlarni qoplash uchun taxminan 3000−3500 yuan ($420-$490) sarflash kerak. Men o‘qiydigan universitetda yotoqxona uchun oyiga taxminan 1500 yuan ($110) turadi.

Umumiy qilib hisoblaganda oyiga taxminan 4500−5000 yuan ($630-$700) sarflanadi. Bu shahar Xitoyning yashash uchun eng qimmat shahridir. Qolganlarida yashash uchun ikki baravar kamroq xarajat qilinadi.

Xitoyga keladiganlarga maslahat

Avvalo, shaharga kelishdan oldin “VPN” ilovasini yuklab oling. Bu yerda kundalik foydalaniladigan barcha ilovalar, xususan “Telegram”, “WhatsApp”, “Instagram”,"Facebook", “YouTube”, “Twitter”, shuningdek, barcha “Google xizmatlari” bloklangan.

Ularga faqat “VPN” ilovasi orqali kirish mumkin. Ham pullik, ham bepul versiyalar ishlaydi. Bepullarining birdan-bir kamchiligi shundaki, Xitoy ilovalari va ijtimoiy tarmoqlari ular bilan har doim ham yaxshi ishlamaydi. Shahardagi xizmatlardan foydalanish uchun ilovani o‘chirib qo‘yish kerak. Pullik obuna bo‘lganlarda esa kunlik ilovalar, shahar xizmatlari ham yaxshi ishlaydi.

Men bu ilovaning 1.1.1.1. “VPN” va “Aox VPN” bepul versiyalari, “veee+ VPN” pullik versiyalarini tavsiya qilishim mumkin. Pullik obuna 3 oyga $13ni tashkil etadi.

“WeChat” va “Alipay” ilovalarini yuklab olishni ham unutmang, ularsiz Xitoydagi hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu ilovalar orqali barcha harakatlar: yozishmalar, tovarlar, xizmatlar uchun to‘lovlar, jamoat transportida sayohat, samolyot, poyezd, kino, teatr, taksi chiptalarini sotib olish, posilkalar va yetkazib berishlarni amalga oshirish, onlayn xarid qilish va boshqalarni bajarish imkonini beradi.

Siz o‘zingizning viza yoki Mastercard kartangizni “Alipay” bilan bog‘lab, Xitoyga kelgandan so‘ng, aeroportdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri DiDi" taksisiga qo‘ng‘iroq qilish va xizmatdan foydalanish mumkin. Xaritalar ilovalarini (百度地图 , 高德地图)va MetroMan — bizning analogini yuklab olishni ham tavsiya etaman. Agar siz iOS foydalanuvchisi bo‘lsangiz, “Apple Maps” ilovasi siz uchun “VPN” ilovasisiz ham ishlaydi.

xorijda ta'lim

Foto: Metro Map

Shuningdek, tarjimonni oflayn rejimda ishlashi uchun kerakli tillarini yuklab oling. “Google Translate”, “Yandex Translate”, “DeepL” yoki “Chinese Baidu Translate"dan foydalanish mumkin. Xitoydagi barcha “Yandex xizmatlari” “VPN"siz ham ishlaydi.

Gripp va shamollashga qarshi dori-darmonlarni ham olib keling, chunki bu yerda tanish dorilar yo‘q.