Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
Bu gal o’zining noodatiy aksesuarlari orqali o‘z o‘rniga, hamda ko‘plab foydalanuvchilariga ega “Hermes” brendi tarixiga nazar tashlaymiz.
Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.
Brend asoschilari
1801-yilda “Hermes” brendi yaratuvchisi Tyerri Ermes to‘qimachilik sohasi markazi bo‘lgan Krefeld shahrida (Germaniya) fransuz muhojiri oilasida tug‘ilgan. U 27 yoshga to‘lganida oilasi Fransiyaga ko‘chib o‘tdi. U yerda charm buyumlar ishlab chiqarishni va ot-aravalar hunarmandchiligini o‘rgana boshlashadi.
1837-yilda “Hermes” Parijning Grands Boulevards hududida ustaxonaga asos solgan va u yerda otlar uchun jabduqlar va jilovlar yaratgan.
Do‘kon faqat badavlat, hurmatli jamoatchilikka mo‘ljallangan edi. Kompaniya Yevropada aravalar va otlar uchun noyob uskunalar ishlab chiqaruvchisi sifatida tanilgan. Mahsulotlarning o‘ziga xosligi shunda ediki, ularning har biri qo‘lda yasalgan.
Bitta egarni yasash uchun 20 soatdan 40 soatgacha vaqt ketgan.
“Hermes” mahsulotlarining yuqori sifati natijasida 1855-yilda kompaniya Parij ko‘rgazmasida birinchi darajali medalni qo‘lga kiritdi. Oradan 12 yil o‘tgach, “Hermes” o‘z muvaffaqiyatini takrorlab, ko‘rgazmada ikkinchi marta bosh mukofotni oldi.
Tyerri “Hermes” kompaniyaning yaratuvchisi bo‘lishiga qaramasdan, uni afsonaviy brendga aylantirgan uning merosxo‘rlari bo‘ldi.
1878-yilda Ermes vafotidan so‘ng “Hermes” kompaniyasi uning o‘g‘li Charlz Emilning qo‘liga o‘tdi. U otasining biznesini davom ettirib, aristokratlar uchun yuqori sifatli egarlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
U xalqaro maydonga ham kirib, nafaqat Yevropa, balki Rossiya, Shimoliy Afrika, Osiyo va Amerikada ham elitaga xizmat qila boshladi. Bundan tashqari, Charlz Emil butun brend uchun muhim qadamni qo‘ydi.
1880-yilda u ustaxona va do‘konni kompaniyaning hozirgi manzili bo‘lgan 24-rue du Faubourg Saint-Honore ko‘chasiga ko‘chirdi.
Brend sifatida tanilish “Haut the Courroies” sumka savdosining rivojlanishidan boshlangan. U chavandozlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sumkada chavandozlar egarlarni olib yurishgan.
Yangi mahsulotni yaratishda Ermesning o‘g‘illari Adolf va Emil Moris ishtirok etgan. 1914-yilga kelib ustaxonada 80 nafar xodim ishlagan. Brendning asosiy mijozlaridan biri rus podshosi bo‘lgan. Shu bilan birga, Emil Moris Hermes fermuardan charm buyumlar va kiyim-kechaklarda foydalanish uchun ikki yillik maxsus huquqlarni oldi.
Shuningdek, “Hermes” kompaniyasi Uels shahzodasi Edvard uchun fermuarli charm golf ko‘ylagini ishlab chiqdi. Huquqlar tufayli fermuar Fransiyada “Hermes mahkamlagichi” sifatida tanildi.
Ko‘p o‘tmay, Adolf bu biznesga qiziqmay qoladi va o‘z ulushini akasiga sotib, kompaniyani tark etdi.
Emil Moris brendning yagona egasiga aylanib, birinchi charm ayollar sumkasini yaratdi. Ma’lum bo‘lishicha, uning turmush o‘rtog‘i o‘ziga yoqadigan va qulay bo‘lgan sumkani topa olmaganidan shikoyat qiladi.
1922-yilda “Haut the Courroies” dizaynini takomillashtirib, ayollar uchun kichikroq versiyani yaratdi. Assortimentning kengayishi “Hermes” tarmog‘ining ko‘payishiga olib keldi.
Fransuz kurortlarida ikkita yangi do‘kon paydo bo‘ldi. Eng muhim qadam kiyim-kechak ishlab chiqarishni boshlash qarori bo‘lgan edi.
Hermesning yangi mahsulotlari
1935-yilda kompaniya ayollar uchun chelak sumkasini chiqardi. Bunday sumkadan bittasini yasash uchun usta 18 soat mehnat qilgan.
Keyin brendning yangi aksessuari Ermesning kuyovi Robert Dyuma tomonidan ishlab chiqarilgan shoyi sharf bir zumda xaridorlar orasida mashhur bo‘lib, uzoq vaqt davomida har bir fransuz ayoli garderobining ramziy qismiga aylandi. Ipak sharflarning eng taniqli muxlislaridan biri Jaklin Kennedi edi.
Brendning yangi avlodi mashhur ot va chavandoz aravasi logotipi tushirilgan, ramziy to‘q sariq rangli qadoq bo‘ldi. Kompaniyadagi rahbariyatning o‘zgarishi mahsulot sifatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Har bir element hali ham juda ehtiyotkorlik bilan tayyorlanadi.
1954-yilda brend yangi yo‘nalishni — uy uchun sovg‘a buyumlarini yo‘lga qo‘ydi. 2 yildan so‘ng tasodifiy voqea brendning yo‘nalishini aniqlashtirib berdi.
Greys Kelli “Life” jurnali muqovasida chelak sumkasi bilan paydo bo‘lgunga qadar, sumkalar hech qachon “Hermes"ning asosiy mahsuloti hisoblanmadi.
Homilador aktrisa diqqatni qornidan uzoqlashtirish uchun sumka orqasiga yashirdi.
Jurnal sotuvga chiqishi bilan xaridorlar “Hermes” do‘konlariga yopirilib, Kellinikiga o‘xshash sumka so‘rashdi. Brendning yangi egalari bundan o‘z foydalari uchun foydalanib, sumkaning nomini “Kelly bag” deb o‘zgartirishgan.
Afsonaviy “Birkin” sumkasi 1983-yilda Parijdan Londonga uchayotgan samolyot bortida ixtiro qilingan. Bortdagi boshqa o‘rindiqda aktrisa Jeyn Birkin ham farzandlari bilan birga parvoz qilgan.
Aktrisa bir necha marotaba daftar, hamyon va qog‘ozlarni, sumkasidagi boshqa narsalarni bexosdan sochib yuboradi.
Bundan tashqari, Birkin uzoq vaqt davomida o‘ziga mos sumka topa olmaganini ochiq tan oladi. U uchun sumkaning kengligi, cho‘ntaklari ko‘pligi, qo‘lida olib yurish oson bo‘lishi kerakligi va u zamonaviy bo‘lishi ham kerak edi.
Dyuma Birkinning tavsifini diqqat bilan yozib oldi va hatto dastlabki eskizni ham tuzdi. Samolyotdan tushib, u qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligini va eng muhimi, qanday nomlanishi kerakligini allaqachon bilgan.
30 yil o‘tgach, “Birkin” sumkasi dunyodagi eng uzun kutish muddatiga ega aksessuarlar ro‘yxatiga kirdi.
Hozirda xariddan so‘ng kutish muddati 6 yil. Lekin uni bir haftaga ijaraga olish mumkin va ijara narxi $295 turadi.
Bitta sumkani yasash uchun 48 soat vaqt sarflanadi. Dunyoda uning 200 mingga yaqin asl nusxalar mavjud. Olmos bilan bezatilgan, timsoh terisidan yasalgan sumkaning eng qimmat modeli “Christie's” auksionida $380 mingga sotildi. Minimal narxi esa $8500 dan boshlanadi.
Nom va logotip
“Hermes” logotipi fransuz rassomi Alfred de Dreuxning “Le Duc Attele, Groom a L’Attente” nomli rasmidan ilhomlanib, kuyovni kutayotgan ot aravasi tasvirlangan. Ikki asar o‘rtasidagi ajoyib o‘xshashliklarni ko‘rsatadigan ko‘plab tahlillar mavjud.
Ot qiyofasi odamga qaraganda ancha katta va ko‘zga ko‘ringan. Bu kompaniyaning asl g‘oyasini ifodalaydi, ya’ni otlar (egarlar, jilovlar va boshqalar) uchun mahsulotlar ishlab chiqarish edi.
Vaqti-vaqti bilan logotip dizayni kompaniya nomi va shtab-kvartirasi bilan birga qo‘llaniladi.
Ushbu logotipning asl nusxasi oltin bezakli fil suyagidan yasalgan. Buning ortidan jigarrang bezakli xantal rangidagi qayta dizayn paydo bo‘ldi. Ammo bu o‘ziga xos ranglar va materiallarni olish juda qiyin bo‘lganligi sababli, “Hermes” hozirda mashhur to‘q sariq qutini ishlab chiqdi.
Daromad
Kompaniya 2023-yil hisobiga ko‘ra umumiy daromadi $12,2 mlrdni tashkil etgan. Xodimlar soni 20607 nafarga yetdi. Shu yilning birinchi olti oyida daromadning 18% Amerika qit’asidan kelganini, ikkinchi chorakda ushbu mintaqadagi o‘sish 21%ga oshganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ikkinchi chorakdagi sotuvlar $3,65 mlrd tashkil etgan. Yilning birinchi yarmida takroriy operatsion daromad $2,9 mlrd tashkil etdi, bu esa 2022-yilga nisbatan 28%ga ko‘p.
Brendning hashamatli sumkalari butun dunyo bo‘ylab katta maqomga ega bo‘ldi. “Hermes” uning so‘nggi sotuvlarini kuchaytirgan to‘rtta charm mahsulot “In-The-Loop” sumkasi, “Maximors” deb nomlangan sharsimon sumka, “HAC” a “Dos” ryukzak uslubidagi sumka, “Picnic Birkin"ni misol qildi.
“Picnic Birkin” “Hermes” tomonidan $21 mingga sotilgan, biroq “Sothebys” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili narxlari $148mingga yetganidan so‘ng, qayta sotish qiymati eng yuqori cho‘qqiga chiqib, sumkalar $50 mingga yaqinroq sotilgan.