2-fevral kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, maktablarning 10−11-sinflarida tayanch o‘quv rejasi asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim dasturlar 2024−2025 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tarzida amalga oshiriladi.
Bunda “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yo‘nalishida o‘quv jarayonini tashkil etishda asosiy e’tibor aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratiladi. “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishi doirasida esa o‘quvchilar ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga o‘qitiladi.
2024−2025 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich maktablarda xorijiy tillarni o‘qitishning yangi tartibi joriy etiladi. Xususan, 5−9-sinflarda o‘quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko‘nikmalar shakllantiriladi.
10−11-sinflarda asosiy e’tibor o‘quvchilarning akademik yozuv va so‘zlashish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi. “Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish” yo‘nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o‘quvchilar yuqori sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi.
Kelasi o‘quv yilidan xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishi doirasida maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi. Shu bilan birga, oylik ish haqi oliy ma’lumotli umumta’lim maktabi o‘qituvchisiga tenglashtirilgan “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.
Maktablarning bo‘sh binolari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishga ajratiladi. Bunda binolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.
Avvalroq maktablardagi bo‘sh turgan joylar tadbirkorlarga bepul foydalanishga berilishi ma’lum qilingandi. O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilingan tadbirkorlarga soliq va boshqa imtiyozlar beriladi.