Keksalar va nogironligi bo‘lganlarga sanatoriylarga yo‘llanma olishning “IHMA Sanatoriya” moduli ishga tushiriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan maqsad raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish orqali tizimni yaxshilashga qaratilgan.
Yangi tizim “FHDYOning yagona elektron arxivi”, “Pensiya jamg‘armasi”, “TIEK” bazalariga to‘liq integratsiyalashib, barcha ma’lumotlar onlayn ravishda olinadi.
Integratsiya murojaatchilarning haqiqiy holatini, ularga belgilangan pensiya va nogironlik darajasini avtomatik tarzda aniqlash imkonini beradi.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari, Yagona portal yoki “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimidagi shaxsiy kabinet orqali topshirish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, yangi tizimda Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlariga sanatoriylarga yo‘llanma uchun arizalar ikki xil usulda — markazdan yoki sayyor ravishda kiritiladi.
Barcha kelib tushayotgan arizalar toifasi bo‘yicha ajratilib, alohida bo‘limda navbatga olinadi hamda toifalarga ajratilgan rejadan kelib chiqib yo‘llanma ajratiladi.
Natijalarni SMS-xabarnoma tizimi orqali bilish mumkin, bunda navbati kelganlarga 20 kun ichida xabar beriladi. Yo‘llanmalar amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin beriladi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, sanatoriylarga yo‘llanma olish uchun navbatga turish qabuli vaqtincha to‘xtatildi.
Navbatda turgan barcha fuqarolarning ma’lumotlar bazasi “IHMA Sanatoriya” moduliga o‘tkazilishi sabab, 2-fevraldan 9-fevralgacha tizim ishlamaydi.
Avvalroq pensiya jamg‘armasi “ishonch raqami"ni ishga tushirgandi. U orqali pensiyaga bo‘yicha savollarga mutaxassislardan javob olish yoki murojaat qoldirish mumkin.