Isroil hukumati qurilish ishlariga O‘zbekiston, Hindiston va Shri-Lanka fuqarolarini taklif qilmoqchi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Rasmiylar xorijlik muhojirlardan foydalanib, so‘nggi oylarda sohada shakllangan ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etishni kutmoqda.
Hozirda qurilish maydonchalarida atigi 20 ming xorijlik ishlamoqda, shu sababli maydonlarning yarmida ishlar to‘xtatilgan.
Umumiy hisobda, uchta mamlakatdan 65 ming mehnat muhojirini jalb etish rejalashtirilgan.
Isroil uy-joy vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy ishchilarning birinchi guruhlari yaqin haftalarda kelishi kutilmoqda.
Yangi ishchilar qurilish obyektlarida kadrlar yetishmasligi muammosini hal qilishlari kerak.
Aks holda, hokimiyat, hatto ipoteka stavkalari kamayib borayotgan sharoitida, mamlakatda uy-joy narxlarining yangi o‘sishidan qo‘rqmoqda.
Yaqin vaqtgacha Isroil qurilish maydonlarida 72 mingga yaqin falastinlik ishlagan. Biroq oktabr oyida G‘azodagi mojaro avj ola boshlaganidan so‘ng, Isroil xavfsizlik idoralari ularning ishlash ruxsatnomalarini to‘xtatib qo‘ydi.
O‘zbekiston va Isroil 2022-yil yozida migrantlarni ishga joylashtirish bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzdi.
Kelishuvda O‘zbekiston fuqarolariga Isroil iqtisodiyotining ayrim sohalarida ishlash uchun yiliga 2 mingdan 8 minggacha kvota ajratish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq “Spot” 2024-yilda 100 ming nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jalb qilinishi haqida yozgandi.
Joriy yilning 8−14 fevral kunlari ishlash istagida bo‘lgan nomzodlar uchun ro‘yxatdan o‘tish rejalashtirilgan.