“EastFruit” tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi ikki hafta ichida piyozning ulgurji narxlarida biroz o‘sish tendensiyasi kuzatilgan.
Xususan, 2024-yil yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab piyoz narxi 28%ga yoki kilogramm uchun 4 AQSh sentiga oshgan.
Biroq, O‘zbekistonda piyoz narxi o‘tgan yilgidan roppa-rosa to‘rt baravar arzon, shuningdek, o‘rim-yig‘im davridagidan ham pastroq. Shuning uchun piyozning hozirgi narxi ulgurji sotuvchiga pul ishlashga imkon bermaydi.
Bozor ishtirokchilarining fikricha, so‘nggi haftalarda piyoz narxining oshishiga Yevropa Ittifoqiga mahsulot eksporti hajmining oshishi sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Polshada ulgurji bozorlarda O‘zbekistondan ko‘plab piyoz sotilmoqda, bu esa ushbu mamlakatda ichki narxlarni ushlab turishga yordam beradi.
Qayd etilishicha, Polsha va O‘zbekiston bozori o‘rtasidagi ulgurji piyoz narxidagi farq hozirda mahsulotni eksport qilish xarajatlarini qoplash uchun yetarli darajada emas.
Biroq, bozor ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, mahsulotlarni tashish uchun davlat subsidiyalari bu muammoni hal qilishga yordam beradi.
Bundan tashqari, Polshadagi savdo manbalarining xabar berishicha, Belarus vositachilari piyoz savdosida faol ishtirok etib, O‘zbekiston va Tojikistondan piyoz sotib olib, ularni Polshaga juda jozibador narxda sotmoqda.
O‘zbekiston har yili 200 dan 250 ming tonnagacha ushbu sabzavotlarni eksport qiladigan dunyodagi eng yirik yangi piyoz eksport qiluvchi o‘ntalikka kiradi.
2023/24-yilgi mavsumda O‘zbekistondan piyoz eksporti rekord darajada bo‘lishi kutilmoqda va “EastFruit” hisob-kitoblariga ko‘ra, birinchi marta 300 ming tonnadan oshishi mumkin.
Avvalroq “EastFruit” O‘zbekiston dekabrda piyoz eksportini oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.
Piyoz eksportining yetakchi yo‘nalishi Latviya bo‘lib, undan keyingi o‘rinda Polsha, Rossiya, Belorusiya va Gruziya kabi yo‘nalishlar turibdi.