Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar tanqid qilinib, ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.
Xususan, mamlakatda farmatsevtika bozori hajmi 2 mlrdga yetganiga qaramay, bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40−45% bo‘lib, pul qiymatida 20%dan oshmaydi.
Yig‘ilishda ishlab chiqarish bint, spirt, shprits, analgin va sitramondan “nariga o‘tmayotgani” qayd etildi. Dorilarni yashirin aylanmasi bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayapti. Dori vositalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Ayniqsa, antibiotik qabul qilish ustidan nazorat umuman yo‘q. Protokollarga amal qilmasdan, „pul ishlash“ uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti. Bundan xalqimizni sog‘lig‘i ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘rayapti”, — dedi prezident.
Yig‘ilishda kasalga aniq tashxis qo‘yish va davolashda vrachlarning aksariyatida texnologik karta mavjud emasligi, ayrim protokollar esa eskirgani ko‘rsatib o‘tildi. Poliklinika va shifoxonalarda xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirildi.
Oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil bo‘lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.
Uch yil avval onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin, bu dorilar ayrim hollarda joylarga o‘z vaqtida, to‘liq yetkazib berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Budjetdan esa yetarli mablag‘ ajratilmoqda. Oqibatda ba’zi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majbur ekanligi ta’kidlandi.
“Mana — farmatsevtikadagi o‘yinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, — dedi davlat rahbari.
Bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar, qo‘lda sotuvchilarni — barcha ishtirokchilarni tartibga keltirish, joylarga yetib bormagan 17 turdagi preparat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, jazo muqarrarligini ta’minlash topshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga oylab omborlarda turgan, ruxsati haligacha chiqmagan dorilarni xatlov qilib, bu masalada tartib o‘rnatish belgilandi.
Shuningdek, davlat xaridlari orqali olingan dorilarni “buyurtmachi — xaridor — yetkazib beruvchi — bemor” zanjiri asosida shaffof marshrut tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi loyiha ofisi tashkil etiladi.
Fevral oyi boshida prezident farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Zarur amaliyotlar markazi davlat korxonasi sifatida qayta tashkil etiladi.
O‘tgan yilda farmatsevti sanoatida $87 mlnlik 57ta korxona ishga tushdi. Shunga qaramay ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish 18%ga ham yetmaydi.