O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tajribasi asosida kasb standartlari ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Mutasaddilarga 1-maygacha talab yuqori 100ta kasbni tanlab, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlarini ishlab chiqish topshirildi.
Bunda kasbga talab ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Ish beruvchilarning vakillari ta’lim muassasasida joylashishi uchun katta imkoniyatlar yaratiladi.
Ular bilan har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etish shartligi ko‘rsatilib, talabalar amaliyotni mazkur yangi korxonalarda ko‘proq o‘tkazishi lozimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan texnikumlarda o‘qitish “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim komponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda kollej-texnikumning 1−2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi.
Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim yaratiladi. Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida OTMlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.
Kollej-texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Endi, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr"ga teng malaka darajasini olishi mumkin.
Yig‘ilishda 50 ming kollej-texnikum o‘quvchisini dual ta’lim bilan qamrab olishni tashkil qilish topshirildi. Bu ishlar, avvalo, to‘qimachilik, qurilish va qurilish materiallari, eltexsanoat, mashinasozlik yo‘nalishlarida boshlanadi.
Bundan buyon bilim va malakani baholash jarayonlari bosqichma-bosqich nodavlat tashkilotlarga o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim vazirligiga bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40%ga qisqartirish, bu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.
Aniq va fundamental fanlar bo‘yicha ilg‘or darsliklarni xorijiy tillardan bosqichma-bosqich tarjima qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
2023-yilningd dekabrida hukumat qarori bilan texnikumlarda kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Tizim o‘quv jarayoni kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeliga muvofiq tashkil qilinadi.
Shuningdek, kollej va texnikumlarning 5ta sohasi bo‘yicha xotin-qizlarga grant berilishi belgilangan. Grantlar qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida ajratiladi.