Termiz shahriga og‘ir vaznli transport vositalarining harakati cheklandi, deya xabar berdi Surxondaryo viloyati IIB matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha o‘tgan yilning dekabrida xalq deputatlari viloyati kengashining tegishli qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, Termizda yirik hajmli va og‘ir vaznli mashinalarning harakati cheklandi. Bu cheklov yuk ko‘tarish qobiliyati 8 tonnadan yuqori bo‘lgan transport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.

Bunda, harakatlanish alohida hollarda Termiz shahar hokimligi, “Surxondaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti hamda viloyat YHXB bilan o‘zaro tasdiqlangan kelishuv orqali amalga oshiriladi.

Mamlakatda yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtomobillari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakakatlanish huquqi uchun yig‘im undirilishi belgilangan.

Mazkur tartib joriy yilning 1-aprelidan joriy qilinib, transport vositalari va tirkamalari uchun tabaqalashtirilgan yillik yig‘im miqdori BHMning 5 barobaridan 10 barobari miqdorida — 1,7−3,4 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq prezident poytaxtda og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4"dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqishni topshirgandi.