O‘zbekiston 2023-yil yakuniga ko‘ra Xitoydan yengil avtomobillar importini besh barobardan ortiqqa oshirdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Import qilingan avtomobillarning umumiy soni yil davomida 2,42 barobarga — 30,25 mingdan 73,2 mingtagacha oshgan. Shu bilan birga, avtomobillar olib kelingan mamlakatlar soni 34 tadan 31 taga kamaydi.

O‘tgan yili mamlakatga 58 ming dona Xitoy avtomobili olib kelindi, natijada ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 5,2 barobarga oshdi. Xitoyning jami avtomobil importidagi ulushi 36,8%dan 79,3%ga o‘sdi.

Taxminlarga ko‘ra, Xitoydan olib kelingan yengil avtotransport vositalarining qariyb yarmi elektromobillarni tashkil etadi. 2023-yilning 10 oyi davomida O‘zbekistonga Xitoydan 20 mingdan ortiq elektromobil olib kelingandi.

Ikkinchi o‘rinda Janubiy Koreya joylashgan bo‘lib, mamlakatdan qariyb 11,5 mingta avtomobil import qilingan hamda yillik o‘sish 22%ni tashkil etdi. Uchinchi o‘rinni avtomobil yetkazib berish hajmini to‘rt barobarga — 2,21 mingtagacha oshirgan AQSh egalladi.

Biroq kuchli beshlikka 2022-yilda 8,7 ming dona yoki umumiy ko‘rsatkichning chorak qismidan ko‘prog‘iga teng avtomobil yetkazib bergan Qozog‘iston va Rossiya kirmadi.

Keyingi o‘rinlarda Gonkong, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, BAA, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar turibdi. Mazkur mamlakatlardan o‘tgan yilda jami 1,4 mingdan sal ko‘proq avtomobil olib kelingan.

Yanvar oyi boshida “Bloomberg” Xitoyning “BYD” avtomobil ishlab chiqaruvchisi elektromobillar sotuvi bo‘yicha amerikalik raqibi “Tesla"dan o‘zib ketgani haqida yozgandi.

Undan keyin “Wall Street Journal” nashrining yozishicha, 2023-yilda Xitoy dunyodagi eng yirik avtomobil eksportchisiga aylanib, 5,2 mln avtomobil yetkazib bergan va Yaponiyani ortda qoldirgan.

Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistonda yangi avtomobillar sotuvi 33%ga o‘sgani haqida xabar berilgandi.