“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 33ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazildi. Bu muhim masalalarni hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida amalga oshirildi.
Yuqoridagi funksiya va vakolatlar orasida quyidagilar bor:
- davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish;
- atmosfera havosiga ta’sir etuvchi korxonalarni qurish joylarini belgilash;
- chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylarni belgilash;
- yo‘lovchi va yuk tashish tariflari, fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar;
- tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va boshqalar.
Kengashlarning davlat organlarining hisobotlarini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari tizimlashtirildi. Bunda ular 10taga birlashtirildi.
Masalan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi, kreditlar ajratishga oid hisobotlarini eshitish hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo‘yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko‘rib chiqiladi.
Mahalliy kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan, mahalliy kengashlar vakolatlariga xos bo‘lmagan vazifalar ijrosi bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul hisoblanadi.
Joriy yilning 1-oktabrigacha O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Bosh vazirga ko‘p qavatli uy-joy qurishni reja qilmagan 16ta tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.