2-fevral kuni ta’lim sohasidagi islohotlarni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi. Ofis 2024-yilda pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tahlil qilishni yo‘lga qo‘yadi.
Shu bilan birga, loyiha ofisi professional ta’limdan so‘ng oliy ta’limni davom ettirish imkoniyatlarini, 3 yillik ta’lim dasturlari asosida amaliy bakalavriat bo‘yicha kadrlar tayyorlashni hamda ta’lim sohasida xususiy sektor ulushini oshirishga zarur sharoitlarni yaratadi.
2024-yilning 1-sentabrigacha o‘quvchilar (talabalar)ning egallagan bilimini va pedagoglarning malakalarini baholash tizimi xalqaro tajribalar asosida takomillashtirilishi topshirildi.
2024−2025 yillarda professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori — Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga, ta’lim dasturlari esa — yangilangan kasbiy standartlar va malaka talablariga moslashtiriladi.
Shuningdek, ta’lim tashkilotlarida quyidagilar joriy qilinadi:
- professional ta’lim muassasalarining faoliyatida tajriba-sinov tarzida xalqaro ta’lim dasturlari (kamida 14ta);
- OTM faoliyatida yangi boshqaruv usullari va ta’lim sifatining yuqori standartlari (kamida 10ta).
Hujjat bilan, pedagogika, qishloq va suv xo‘jaligi, texnika, IT hamda iqtisodiyot sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
26-yanvar kuni prezident mutasaddilarga ta’lim tashkilotlari faoliyati va ta’lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq bergandi. Loyiha ofisi bog‘cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta’limda o‘quv standarti va dasturlarini tajribalar asosida ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.
Kelasi o‘quv yilidan xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq xorijiy mamlakatlarda “Uzacademy” ta’lim platformasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.