Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekiston sug‘urta bozorida nosog‘lom raqobat muhiti shakllanganini aytdi. Bu haqda u 6-fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etdi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.
“Sug‘urta bozorida nosog‘lom raqobat rivojlangani va bu qisman nosog‘lom tarif siyosati olib borilayotgan masalalar bilan bog‘liqligini yaqqol kuzatmoqdamiz. Ba’zi kompaniyalar boshqalariga nisbatan aniq ustunlikka ega”, — dedi u.
Bunda masala, birinchi navbatda, mavjud sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablari va normalariga rioya etilishini ta’minlash bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Vyacheslav Pak sug‘urta bozorini tartibga solish NAPPga o‘tkazilganidan buyon agentlik tomonidan zaxiralarni shakllantirish bo‘yicha prudensial me’yorlar va talablarga rioya qilish kuchaytirilganini qayd etdi.
Tarif siyosati orqali raqobatchilarni demping qilishda zaxira standartlari buziladi, chunki barcha xizmatlar o‘z xarajatlari va ularni boshqarish mexanizmlariga ega, dedi u.
“Biz huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida sug‘urta kompaniyalari faoliyatini yanada aniq va onlayn nazorat qilish imkonini beradigan mexanizmlarni kuchaytirish yo‘lidan boryapmiz. Agar hamma narsani amalga oshirishning imkoni bo‘lsa, bizningcha raqobat muhiti sezilarli darajada yaxshilanadi, — dedi Pak.
O‘tgan yilning noyabr oyida Spot sug‘urta bozorini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Orifjon Fayziyev bilan sug‘urta bozorining holati, muammolari va istiqbollari haqida suhbatlashgandi.
Dekabrda Oliy Majlis Senati sug‘urta bozorida teng raqobat muhitini ta’minlashga chaqirdi. Ayrim kompaniyalar ustun mavqeni egallab, raqobat qonunchiligini buzayotgani qayd etildi.