Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Binance” kriptobirjasidan jarima undirish uchun sudga murojaat qilmoqchi. Bu haqda 6-fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “NAPP” direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

“Biz kutganimizdek, ular tabiiy ravishda to‘lashdan bosh tortdi, shuning uchun biz O‘zbekiston qonunchiligiga rioya qilgan holda sudga da’vo bilan murojaat qilamiz, sud esa tegishli qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng, barcha hujjatlar ijro etish uchun “Binance” bosh ofisi ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiyaga jo‘natiladi (Kayman orollarida — “Spot” eslatmasi), — dedi Pak.

“NAPP” direktori o‘rinbosari p2p tranzaksiyalarini qonuniylashtirish haqida so‘ralganda, hozirda ularni nazorat qilishning samarali mexanizmi yo‘qligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, bu ishtirokchilarga o‘g‘irlangan yoki noqonuniy yo‘l bilan olingan kriptoaktivlar, shu jumladan “Binance” kriptobirjasida savdo qilish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan agentlik respublikada ushbu faoliyatga ruxsat berishni rejalashtirmayapti.

“Binance” va boshqa xalqaro birjalar veb-saytlari O‘zbekistonda 2022-yil avgustidan boshlab bloklangan.

Shu yil dekabrida esa “Binance” O‘zbekistonda bosh menejer uchun vakansiya ochgani ma’lum bo‘ldi. Bu rolda menejer yangi bozor uchun strategiyalar, harakat rejalari va biznes modelini ishlab chiqadi.

Yanvar oyi boshida NAPP “Binance” kriptobirjasiga 102 mln so‘m jarima solgandi.

Bunga kripto-birjaning O‘zbekiston hududida faoliyatini tashkil etish uchun tegishli litsenziya olmagani va yana bir qator qonun buzilish holatlari sabab bo‘lgan.


Avvalroq “Spot” NAPP mayning faoliyati uchun onlayn ruxsatnoma olish tizimini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Buning uchun faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlariga ruxsatnoma beriladi. Hujjatning amal qilish muddati — 5 yil.