Hukumat qarori bilan “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.
Unga ko‘ra, mazkur tanlov Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ijtimoiy xodimlar, ijtimoiy xodim assistentlari, nodavlat notijorat tashkilotlardagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori bo‘yicha ijtimoiy xodimlar o‘rtasida tashkil etiladi.
Shunga ko‘ra, har yili 1-aprelgacha ko‘rik tanlov o‘tkazilishi haqida e’lon beriladi va nomzodlar 30-aprelgacha agentlik sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Tanlovning hududiy saralash bosqichi may oyida, final bosqichi iyun oyida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar turli sinovlardan o‘tkaziladi. Bular quyidagilar:
- bilim darajasini aniqlashga qaratilgan ijitimoiy ish sohasidagi onlayn test sinovlari;
- IQ (intellektual koeffitsient) va individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlar;
- ishtirokchilar bilan yakka tartibdagi suhbat.
Tanlov g‘olib va sovrindorlari har yili iyul oyining birinchi haftasida belgilangan tartiblarda taqdirlanadi.
Hududiy saralash bosqichida g‘olib bo‘lganlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘yicha quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:
- 1-o‘rin — 5 baravari (5 mln 250 ming so‘m);
- 2-o‘rin — 3 baravari (3 mln 150 ming so‘m);
- 3-o‘rin — 2 baravari (2 mln 100 ming so‘m).
Respublika final bosqichida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘yicha quyidagicha mukofotlanadi:
- 1-o‘rin — 20 baravari (21 mln so‘m);
- 2-o‘rin — 15 baravari (15 mln 750 ming so‘m);
- 3-o‘rin — 10 baravari (10 mln 500 ming so‘m).
Kelasi o‘quv yilidan “Eng faol ijtimoiy xodim” tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan xodimlar davlat OTMlariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
2023-yilning oktabrida aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi. Unda O‘zbekistonning 28ta hududida tajriba tarzida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgan.
O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.