Xitoyning Elektron fanlar va texnologiyalar universiteti (UESTC) hukumat stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Unda butun dunyodan nomzodlar bakalavr, magistratura hamda PhD darajalari uchun ishtirok etishlari mumkin. Ayni paytda 2024−2025 o‘quv yili uchun arizalar qabuli davom etmoqda.
“Chinese Government Scholarship” mamlakat Ta’lim vazirligi tomonidan xalqaro talabalar uchun to‘liq moliyalashtiriladigan stipendiya hisoblanadi.
UESTCda deyarli barcha akademik yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘lib, stipendiya dasturi uchun IELTS yoki TOEFL talab qilinadi.
Nomzodlar universitetning elektron fan va texnologiya, axborot va kommunikatsiya muhandisligi, kompyuter fanlari va muhandisligi, dasturiy ta’minot muhandisligi, biznes boshqaruv, nazorat fanlari va muhandislik, elektrotexnika, amaliy iqtisodiyot, siyosat hamda chet tili va adabiyoti kabi sohalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Muvofiqlik mezonlari:
- Xitoydan boshqa davlat fuqarosi bo‘lish va sog‘lom bo‘lish;
- magistraturaga uchun nomzodlar 35 yoshdan, PhD uchun esa 40 yoshdan kichik va bakalavr (magistr) darajasiga ega bo‘lish;
- xitoy tilidagi dasturlar uchun kamida to‘rtinchi darajadagi HSK sertifikatiga ega bo‘lish;
- ingliz tilidagi dasturlar uchun TOEFL — 80 ball, IELTS — 5,5 ball.
Talab qilinadigan hujjatlar:
- grant ariza shakli;
- pasport nusxasi;
- notarial tasdiqlangan diplom;
- akademik transkriptlar;
- o‘quv rejasi (1000ta so‘z);
- tavsiyanoma (2ta);
- jismoniy imtihon shakli (bu yerdan yuklab olish mumkin);
- sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- til bilish sertifikatlari.
Qabul qilingan talabalar o‘qish to‘lovidan ozod etilib, sug‘urta xarajatlari (yiliga $112) qoplab beriladi hamda universitet yotoqxonasidan yoki turar joy uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Shu bilan birga, talabalarga quyidagicha oylik stipendiya beriladi:
- bakalavr — oyiga 2500 yuan ($352);
- magistratura — oyiga 3000 yuan ($422,3);
- PhD — oyiga 3500 yuan ($492,7).
Arizalarni joriy yilning 1-martigacha onlayn ravishda jo‘natish mumkin. Muvaffaqiyatli ariza topshirish uchun quyida keltirilgan tartibda amallarni bajarish kerak:
- Ro‘yxatdan o‘tib, arizalarni havola orqali CSC onlayn ariza tizimida topshirish. Xitoy elektron fan va texnologiya universitetining agentlik raqami — 10614 va B toifasidan. Shaklni to‘ldirgandan so‘ng “Application Form for Chinese Government Scholarship"ni yuklab olish va chop etish.
- Universitetda ro‘yxatdan o‘tib, onlayn ariza topshirish. Xalqaro talabalar uchun ariza tizimi havolada. Fond manbalarini tanlash zarur. Bunda Xitoy hukumati dasturi tanlanib, “Application Form for International Scholars and Students of University of Electronic Science and Technology of China” va boshqa talab qilinadigan ariza hujjatlari onlayn topshiriladi.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.
Avvalroq Fransiya hukumatining “France Excellence” grant dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.