O‘zbekiston va Belarus mintaqalarining ikkinchi forumida 2025-yilgacha umumiy qiymati $1 mlrddan ortiq loyihalarni amalga oshirishga kelishildi. Bu haqda Belarusning “BelTA” axborot agentligi bosh vazir o‘rinbosari Leonid Zayatsga tayanib xabar berdi.
“Bu sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, gumanitar va ta’lim masalalari, sport va turizm sohasidagi hamkorlik, o‘rmon xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash, shaharsozlik, uy-joy kommunal xo‘jaligi — keng ko‘lamli masalalardir. Ular umumiy qiymati $1,054 mlrd bo‘lgan 99ta hujjat bilan tasdiqlangan”, — dedi Belarus rasmiysi.
Imzolangan shartnomalar qatorida 2024 va 2025-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan eksport shartnomalari va investitsiya loyihalari ham bor. Leonid Zayats ushbu loyihalar mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin ikki yilga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasining asosini tashkil etishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Belarus O‘zbekistonda bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish, Minsk avtomobil zavodining yo‘lovchi transportini yig‘ishni tashkil etish, to‘qimachilik sanoatida korxonalar ochish, shuningdek paxtachilik traktorlarini qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida.
Shuningdek, ikki tomonlama ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida “Bellegprom” konserni bilan o‘zbekistonliklar orasidan malakali xodimlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarusning to‘qimachilik va charm korxonalarida tajriba almashishga kelishildi.
“Bellesbuprom” kompaniyasi bilan esa O‘zbekistonda mebel ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar Samarqand va Toshkent viloyatlarida turistik markazlarni yog‘och uylar bilan jihozlash bo‘yicha hamkorlik qilishlari mumkin.
6-fevral kuni Toshkent hokimligida Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi raisi Vladimir Kuxaryov bilan poytaxt rahbari v.b. Shavkat Umurzoqov o‘rtaisida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Minsk tomoniga mebel ishlab chiqarish, farmatsevtika, tibbiyot va ta’lim sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.