Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni elektromobil ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Yanvarda Xitoyga davlat tashrifi doirasida davlat rahbari “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirdi.
Kompaniya rahbari Van Chuanfu bilan muzokaralarda ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 ming donagacha yetkazishni muhokama qilgandi. Bu esa o‘tgan yilning sentabrida ko‘rib chiqilgan dastlabki rejalardan yuqori.
So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar ko‘paygan. 2023-yilda import qilingan avtomobillarning 35%i yoki qariyb 25 mingtasini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.
Mutasaddilarga bu yo‘nalishdagi rejalarni kengaytirish, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. “BYD” kompaniyasi hamkorlarini jalb qilib, elektromobillar uchun butlovchi qismlarni o‘zlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Tarmoqda innovatsiya va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish maqsadida Turin politexnika instituti, muhandislik markazlari, ilmiy institut va laboratoriyalarni o‘zaro bog‘laydigan yaxlit tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, sohada mutaxassis va ishchilarga talab yaqin uch yilda 10 mingga yetishi mumkin. Shuning uchun malakali kadrlar tayyorlashni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi belgilandi.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoy avtomobillari importini besh barobarga oshirgani haqida xabar berilgandi.